Xorijlik sayyohlar uchun viza tartibotlari bosqichma-bosqich soddalashtiriladi

O‘zbekiston 11:00 / 17.08.2017 4957

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-2019 yillarda respublikada turizmni rivojlantirishga doir qarorni imzoladi. Unda mamlakat turizm industriyasi jadal rivojlanishi uchun qisqa muddatda eng qulay shart-sharoit, iqtisodiy, ma'muriy va huquqiy muhit yaratish, xorijlik turistlar, jumladan, ziyorat qilish maqsadida kelayotgan turistlar uchun viza va ro‘yxatdan o‘tish tartibotlarini bosqichma-bosqich soddalashtirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va boshqa choralar nazarda tutilgan. Quyida ushbu qarorning to‘liq matni bilan tanishish mumkin.

2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida

2017 yil 16 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3217-son qarori 

Mamlakatimiz turizm industriyasi jadal rivojlanishi uchun qisqa muddatda eng qulay shart-sharoit, iqtisodiy, ma'muriy va huquqiy muhit yaratish, jumladan, sohada xususiy sektorning ustuvor ishtirokini ta'minlash, uning raqobatbardoshligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, hududlarning iqtisodiy salohiyati va daromadlari bazasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, milliy turizm mahsulotlarini jahon bozorida faol va kompleks ilgari surish maqsadida: 

1. 2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Mazkur qarorda ko‘zda tutilgan va Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan tadbirlarni amalga oshirishni moliyalashtirishning manbalari etib tadbirkorlik sub'yektlari – loyiha tashabbuskorlari, vazirlik va idoralar – ijrochilarning o‘z mablag‘lari, jalb etilayotgan tijorat banklarining kreditlari, chet el investitsiyalari, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning zayom va grantlari, xayriya mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin. 

2. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: 

Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Abduhakimov), vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitib borish, shuningdek, barcha tadbirlarning belgilangan muddatlarda so‘zsiz ijro etilishini ta'minlash maqsadida ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, respublikada turizm sohasi rivojiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni tezkor ko‘rib chiqish va hal qilish; 

turizmni rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlanadigan hududiy dasturlar ijrosini, hududlarda mavjud salohiyatdan foydalanish va joylardagi byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf qilishga qaratilgan ishlar samaradorligini o‘rganishni tashkil etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining hisobotlarini eshitish; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tashabbuskorlardan tushadigan tematik ko‘ngilochar bog‘lar, madaniyat obektlari (milliy muzeylar, galereyalar), turistik-rekreatsion hududlar va klasterlar tashkil etish, sayyohlik namoyishining alohida obektlarini qurish va imijga doir boshqa loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha chet el va mamlakatimiz sarmoyadorlarining mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining byudjyetdan tashqari mablag‘larini jalb qilish hisobiga turizm sohasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va soha bilan bog‘liq infratuzilmani rivojlantirish uchun davlat ko‘magini olishga doir taklif va buyurtmalarni har yili ko‘rib chiqish. 

3. Muvofiqlashtiruvchi kengash (Aripov) bir oy muddatda quyidagilarni: 

Muvofiqlashtiruvchi kengash ishining reglamenti hamda turizm sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlashni ta'minlaydigan Muvofiqlashtiruvchi kengash huzuridagi ekspert guruhlari tarkiblarini;

Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni tasdiqlasin. 

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari: 

ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy kengashlarni tashkil etsin; 

vazirlik va idoralar – mas'ul ijrochilar bilan birgalikda ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishini ta'minlasin, har chorakda Birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturining ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga axborot taqdim etsin. 

5. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining (Abduhakimov) 2018-2019 yillarda chet davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha xalqaro shartnomalar ishlab chiqish va ularni imzolashga tayyorlashni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi 3-ilovaga muvofiq ma'qullansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (Komilov) O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga (Abduhakimov) xorijiy hamkorlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha xalqaro shartnomalarni tayyorlash va ularni imzolashni tashkil etishda amaliy ko‘mak bersin. 

6. Xorijlik turistlar, jumladan, ziyorat qilish maqsadida kelayotgan turistlar uchun viza va ro‘yxatdan o‘tish tartibotlarini bosqichma-bosqich soddalashtirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda – Ishchi guruh) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin. 

Ishchi guruh: 

bir oy muddatda chuqur o‘rganish asosida fuqarolariga 2018 yilning 1 yanvaridan viza tartibini soddalashtirish taklif etilayotgan mamlakatlar hamda fuqarolariga maxsus ziyorat turizmi dasturlari taklif etiladigan davlatlar ro‘yxati bo‘yicha takliflar kiritsin; 

chet davlatlar fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha takliflarni ushbu davlatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish darajasidan, jahon turizm bozorining kon'yunkturasi hamda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam ravishda kiritib borsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Abduhakimov) «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK (Tyan) bilan birgalikda Malayziya, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasidagi muqaddas qadamjolarga ziyorat turizm yo‘nalishidagi sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni faollashtirsin, bu borada kerakli reklama tadbirlarini o‘tkazsin, logistika, jumladan, charter reyslarni tashkil etish masalalarini hal etsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, (Abduhakimov), Iqtisodiyot vazirligi (Saidova) va qator tijorat banklarining Buxoro va Samarqand shaharlaridagi turizm hududlari tajribasi asosida Urganch, Toshkent shaharlari va Farg‘ona viloyatida turizm hududlari, shuningdek, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tog‘ klasterlarini bosqichma-bosqich tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda 2018-2022 yillarda turizm hududlari va tog‘ klasterlarini tashkil etishning tashkiliy-texnik masalalarini ko‘zda tutadigan hukumat qarorini qabul qilsin, unda loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va kreditlash uchun mas'ul tijorat banklarini belgilashni nazarda tutsin, shuningdek, chet el sarmoyadorlarini o‘z vaqtida jalb qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalari ajratilishi, qurilish ishlarining boshlanishi va sifatli yakuniga yetkazilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatsin. 

9. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Abduhakimov) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Ahmedxo‘jayev) bilan birgalikda tashkil etilayotgan turizm hududlari va tog‘ turizmi klasterlariga chet el investitsiyalarini jalb qilish, shuningdek, yangi mehmonxonalar qurish uchun respublikaga yetakchi mehmonxona brendlarini taklif qilish yoki mamlakatimizdagi mehmonxona xo‘jaliklarini ular boshqaruviga berish bo‘yicha choralar ko‘rsin. 

10. O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklariga: 

tadbirkorlik sub'yektlariga yangi mehmonxonalar va boshqa turizm infratuzilma inshootlari qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun uzoq muddatli (15 yilgacha) kreditlar ajratishni amaliyotga joriy qilish, bunda kredit va foizlarni qoplashning mehmonxonalar kapital talabliligi va mavsumiy yuklanganligini hisobga oluvchi sharoitdan kelib chiqadigan talablarni nazarda tutish; 

aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, mehmonxonalar va boshqa turizm obektlarida xalqaro to‘lov tizimlari bilan ishlaydigan bankomat va terminallar miqdorini tubdan ko‘paytirish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlariga to‘lovlarni chet el valyutasida qabul qilish, jumladan, aloqasiz elektron to‘lovlarni joriy qilish bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklar yaratish; 

tadbirkorlik sub'yektlariga chet el valyutasidagi mablag‘larni o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar, terminallar ijarasi, erkin konvertatsiya qilinadigan valyutadagi naqd pullarni inkassatsiya qilish va chet el valyutasida operatsiyalar amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa xizmatlar uchun yig‘imlarning (komissiya to‘lovlarining) miqdori maksimal darajada maqbul bo‘lishini ta'minlash tavsiya qilinsin. 

11. 2022 yil 1 yanvarga qadar: 

mehmonxonalar – boshqaruv xodimlari sifatida jalb qilingan malakali xorijlik mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash fondidan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lashdan; 

mehmonxonalarga boshqaruv xodimlari sifatida jalb qilinadigan malakali xorijlik mutaxassislar daromadlari – jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod etilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin. 

13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev

Ko‘proq yangiliklar: