Xorijga chiqish uchun biometrik pasportning amal qilish muddati necha yil bo‘ladi? 

O‘zbekiston 12:01 / 17.08.2017 63136

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportlari 2019 yilning 1 yanvaridan joriy etiladi. Chiqish stikerini rasmiylashtirish ham shu sanadan boshlab bekor qilinadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu haqdagi farmonni imzolagan

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu farmon talablari ijrosini ta'minlash uchun Davlat personallashtirish markazi, Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida yangi tahrirdagi nizom loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun o‘rnatilgan tartibda taqdim etadi. 

Nizomda quyidagilar ko‘zda tutiladi: 

– O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasi shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va undan respublika hududida umumfuqarolik hujjati sifatida foydalaniladi; 

– zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishi inobatga olinib, xorijga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish muddati 15 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartiriladi; 

– xalqaro tajribaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportining amal qilish muddati voyaga yetmagan shaxslar uchun 5 yilgacha, 16 yoshdan katta shaxslar uchun 10 yilni tashkil qiladi; 

– aholiga elektron ariza taqdim etish, elektron navbat, davlat bojini elektron to‘lov tizimi orqali to‘lash kabi interfaol xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, hujjatning tayyorligini tekshirish bo‘yicha maxsus xizmatlardan foydalangan holda hujjatni berish tartibi belgilanadi; 

– Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar va tuman bo‘linmalarining vazifalari kengaytiriladi va shu munosabat bilan fuqarolar xorijga chiqish uchun pasport olish bo‘yicha arizani Ichki ishlar vazirligining doimiy yashash joyidagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar/tuman bo‘linmalariga taqdim etishi mumkin. Ayni paytda ushbu vazifalar Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish viloyat boshqarmalari zimmasiga yuklatilgan; 

– hujjatlarni qabul qilish jarayonida “Elektron hukumat” tizimi imkoniyatlari orqali kerakli barcha ma'lumotnomalarni olishni o‘zida mujassam etgan “yagona oyna” tizimidan foydalaniladi; 

– joriy etilayotgan pasportning tannarxi va biometrik pasport tizimiga texnik xizmat ko‘rsatish zarurligidan kelib chiqqan holda, aholiga ushbu hujjatlarni berish bo‘yicha davlat bojining tegishli miqdori belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: