Farg‘onada San'at va madaniyat institutining mintaqaviy filiali tashkil etiladi

O‘zbekiston 18:59 / 17.08.2017 9323

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 16 avgustda “O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilandi:

madaniyat va san'at sohasida fundamental bilim va tushunchalar, tarixiy va zamonaviy an'analar, innovatsiya texnologiyalarini, davlat standarti bo‘yicha belgilangan bilim va malakalarni puxta egallagan oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;

tayyorlanayotgan mutaxassis kadrlarga mehnat bozoridagi real talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, yuqori sifatli bilim va malaka berish;

bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish;

professor-o‘kituvchilar tarkibining o‘z kasb sohasidagi bilim va tajribasi, ilmiy-ijodiy salohiyati va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirish;

ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziriga, zarur hollarda, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Filialga 2017/2018 o‘quv yili uchun “5150300 - aktyorlik san'ati (turlari bo‘yicha)” ta'lim yo‘nalishiga bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha jami 25 ta - shundan 10 tasi davlat grantlari, 15 tasi to‘lov-kontrakt asosida - qabul kvotasi ajratiladi;

2017/2018 o‘quv yili uchun qabul jarayoni O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialining ustavini belgilangan tartibda tasdiqlaydi va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi;

Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi;

Filialda o‘quv-metodik jarayonlarning tashkil etilishini ta'minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta'minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Qaror bilan Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Madaniyat vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining Qo‘qon shahri, Movarounnahr ko‘chasi, 3a-uyda joylashgan Qo‘qon turizm va servis kasb-hunar kollejining uch qavatli asosiy binosining bir qismini Filialga bepul foydalanish huquqi bilan berish hamda Filial faoliyatini mazkur binoda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi Qo‘qon turizm va servis kasb-hunar kollejining Qo‘qon shahri, Movarounnahr ko‘chasi, 3a-uyda joylashgan binosining bir qismi Filialga berilishi munosabati bilan mazkur kollej faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 o‘quv yili va keyingi yillar uchun Filialga o‘qishga qabul qilishning 50 nafardan kam bo‘lmagan kvotasini istiqbolda Farg‘ona vodiysi hududlarini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlarni, har qaysi tarmokda mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, yillar bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab, kasb va ta'lim yo‘nalishlarini (mutaxassisliklarni) ko‘rsatgan holda ishlab chiqishni nazarda tutadi;

2017/2018 o‘quv yili boshlanishiga qadar Filialning ta'lim yo‘nalishlarini davlat ta'lim standartlari hamda tegishli malaka talablariga muvofiq ishlab chiqilgan o‘quv rejalari, fan dasturlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta'minlaydi.

Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi: O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari; xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan keladigan tushumlar; jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari; qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialga xizmat ko‘rsatadigan 1 ta yengil avtomobil uchun limit ajratadi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari X.Sultonov, A.Yunusxodjayev hamda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: