Bolalar Hayit namoziga qo‘yiladimi?

O‘zbekiston 19:19 / 17.08.2017 79259

15 avgust kuni Milliy matbuot markazida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ishtirokida anjuman tashkil etildi.  Anjuman mavzusi "Mustaqillik yillarida vijdon va e'tiqod erkinligi sohasida erishilgan yutuqlar"ga bag‘ishlandi. 

Anjumanda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillariga o‘z savollari, jumladan, o‘g‘il bolalarning necha yoshidan masjidga kirishi mumkinligi xususida murojaat qildi. 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkirbek Hasanboyev quyidagicha javob berdi: 

“Bolalarimizni biron bir kasbga yo‘naltirishda maktabdagi ta'lim juda muhim hisoblanadi. Yoshlarimizni o‘qish vaqtida darslarni tashlab, masjidga kelishini oldini olish maqsadida turli tushuntirish ishlari olib boriladi. O‘qish vaqtidan boshqa paytda balog‘atga yetgan bolalarni masjidga borish yoki bormaslik masalalarini, avvalo, fuqarolarning o‘zlari hal etishadi. Ayrim hollarda o‘quvchilarning darsni tashlab, qochgan holatlari kuzatilgani uchun ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari, mahalla tomonidan bolalarni masjidga borishi masalasi yuzasidan tadbirlar o‘tkazib turiladi. Bolalar dastavval, ilm olishlari, din haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishlarini baridan muhim, deb hisoblaymiz”, dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari o‘qish vaqtidan tashqari bayram kunlari - Hayit namozi vaqtida 18 yoshga to‘lmagan bolalarning masjidga kiritilmasligini ham qayd etishdi. 

"Bugungi kunda bizning masjidlarda Hayit namozi vaqtida bolalar, o‘smirlar ham ishtirok etishmoqda. Bu so‘zimni O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ham tasdiqlashadi. Demak, Hayit namozi vaqtida bolalar oila a'zolari bilan birgalikda masjidga kirishlari mumkin. Agarda bunday holatlarda ularning ishtirok etishiga qandaydir e'tirozlar, to‘sqinliklar bo‘lsa, bizga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Biz hamkorlikda bu kabi vaziyatlarga yechim topishga harakat qilamiz”, dedi O‘tkir Hasanboyev.

Ko‘proq yangiliklar: