Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga qanday tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi?

Jamiyat 18:33 / 17.08.2017 5913

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligining qarori (2017 yil 11 avgust) bilan Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 1 apreldagi PQ–2863-son “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) xususiy tibbiyot muassasalari, shu jumladan xorijiy investorlar ishtirokidagi xususiy tibbiyot muassasalari 2022 yilning 1 yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilgan. Bunda bo‘shagan mablag‘lar ushbu muassasalarni zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnik uskunalar bilan jihozlash va ularga servis-texnik xizmat ko‘rsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, materiallar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirilishi lozim. 

Belgilanishicha, xususiy tibbiyot muassasalari aholining quyidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatadi:

•  o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
•  I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar;
•  muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
•  ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar;
•  yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
•  1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslar;
•  1941-1945 yillardagi urush davrida mehnat jabhasining qatnashchilari;
•  qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan boshqa shaxslar.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun ularning shaxsini va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlarining mavjudligi asos bo‘ladi.

Bepul tibbiy xizmatlarning turlari va hajmi litsenziyada ko‘rsatilgan tibbiy faoliyat turi doirasida tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.

Xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning bepul tibbiy xizmat olish bo‘yicha murojaatlari Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy saytidagi maxsus elektron bazaga murojaat qilingan kunda murojaat etuvchilarning navbatini ko‘rsatgan holda on-layn tizimida kiritib boriladi. Shuningdek murojaatlar xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan maxsus jurnalda (qog‘oz yoki elektron shaklda) qayd etib boriladi.

Joriy yilda ko‘rsatiladigan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va sarflanadigan mablag‘lar miqdori oldingi yil yakunlari bo‘yicha soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida haqiqatda bo‘shagan jami mablag‘larning kamida 25%ini tashkil etishi lozim.

Bepul tibbiy xizmatlar ro‘yxati muassasaga kirish yoki mijozlar uchun ko‘rinadigan joyda hamda ma'lumotlar peshtaxtasida joylashtiriladi, shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy saytidagi maxsus elektron bazaga muassasa tomonidan kiritib boriladi.

Xususiy tibbiyot muassasalari yillik moliyaviy hisobot bilan birgalikda soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘larni maqsadli sarf qilinganligini tasdiqlash uchun Yuridik shaxslarga, soliqlar, bojxona va majburiy to‘lovlarni byudjyetga to‘lash bo‘yicha berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalterlik hisobida aks ettirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda (2005 yil 2 aprel) keltirilgan shakl bo‘yicha soliq organlariga hisobot taqdim etadi.

Hujjat 2017 yil 14 noyabrdan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: