O‘zbekistonda yangi dam olish zonalari va plyajlar barpo etiladi

O‘zbekiston 20:50 / 16.08.2017 28920

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018–2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirishning birinchi galdagi chora-tadbirlari haqida»gi Qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, 2018–2019 yillarda turizmni rivojlantirishning birinchi galdagi chora-tadbirlari haqidagi dastur tasdiqlanmoqda, jumladan, dasturda bu sohada normativ-huquq boshqaruvni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan choralar: O‘zbekistonga kelib-ketishning ochiqligini ta'minlash, respublikaning barcha hududlarida turistik va yo‘ldosh infratuzilmani rivojlantirish,, turistik mahsulotlarni diverstfikatsiya qilish va yangi turizm obektlarini yaratish, shuningdek, milliy turistik mahsulotni ichki va tashqi bozorda ilgari surishga yo‘naltirilgan vazifalar belgilab olingan.

O‘zbekistonning hududlarida turizmning zamonaviy infratuzilmasini yaratish choralariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadlarda Dasturga ko‘ra, Andijon viloyatining Xonobod shaharchasida dam olish zonasi, Jizzax viloyatining Forish va Arnasoy tumanlari hududidagi «Aydar-Arnasoy» ko‘llari sohilida beshta yangi dam olish zonalari, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz va Qarshi shaharlarida to‘rt yulduzli mehmonxonalar qurish, Bo‘stonliq tumanining Chimyon tog‘ massivida mehmonxona majmuasi barpo etish, shuningdek, ichki turizm uchun Navoiy viloyatidagi «To‘dakul» ko‘lining janubiy sohillarida, xorijiy turistlar uchun «Aydarko‘l» ko‘li sohillarida plyajlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Qarorda yana bir qator vazifalar belgilab berilgan. Jumladan, muqaddas ziyoratgohlarga ziyorat turizmini rivojlantirish, buning uchun charter reyslar tashkil etish, Buxoro va Samarqand shaharlarida tashkil etilayotgan turistik zonalar singari Toshkent, Urganch va Farg‘ona shaharlarida ham bosqichma-bosqich turistik zonalar tashkil etish, shuningdek, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tog‘oldi dam olish zonalari klasterlari yaratish mo‘ljallangan.

Shaharlardagi turistik zonalar va tog‘oldi turistik klasterlariga xorijiy investitsiyalar, yetakchi mehmonxona brendlarini mehmonxona qurish imkonini taqdim etish yoki mavjud mexmonxona xo‘jaliklarini berish bilan jalb qilish nazarda tutilgan.

Bu borada xorijiy turistlar va ziyorat turizmlari uchun viza jarayonlarini soddalashtirish ham rejalashtirilmoqda.

Qarorning eng muhim jihatlaridan biri — turizm sohasida ishbilarmonlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga yo‘nalganligidir.

Ushbu qaror respublikamizda turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun yangi turtki bo‘ladi, chunki unda ko‘rsatib o‘tilgan choralar xorijiy sayyohlar sonining oshishiga, turistik xizmatlar hajmining o‘sishiga, sohada yaratiladigan yangi ish o‘rinlari hisobiga aholi bandligi darajasining ko‘tarilishiga, shuningdek, mehmonxonalar va turistik faoliyat sub'yektlari hamda boshqa vositalar sonining oshishiga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: