Dori quti ortiga yashiringan sir: tibbiyotdagi yana bir "o‘yin” fosh etildi

O‘zbekiston 17:20 / 16.08.2017 121932

Toshkent viloyati Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning murojaatlaridan so‘ng, Kun.uz tahririyati tomonidan surishtiruv o‘tkazilgan edi. Unda bolalar shifoxonasi bir kun ichida shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi binosiga ko‘chirilgani (taajjublanarlisi, Prezidentning shaharga tashrifidan bir kun avval shoshilinch ravishda shifoxona ko‘chirilib, eshik-romlari qo‘porib tashlangan), bu esa bemorlarda xavotir uyg‘otgani, biroq O‘zDSEN vakilining izohiga binoan turli kasalliklarni bir-biridan ajratgan holda davolash mumkinligi haqida yozilgan edi.

Ushbu holat bo‘yicha jarayonni o‘rganish chog‘ida boshqa ko‘pgina masalalar, ta'bir joiz bo‘lsa, tibbiyot sohasidagi illatlarning ayrimlari oshkor bo‘ldi.

Xususan, maktablardagi noqonuniy fond pullari Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasida ham borligi ma'lum bo‘ldi. Kantselyariya mahsulotlari uchun yo hamshira yoki bemor o‘z yonidan xarajat qiladi. Bundan tashqari, bemorlarga shifokorlar tomonidan qimmat dorilar (arzon va tarkibi bir xil mahalliy muqobili bo‘lgan holda) yozilishi tahririyat muxbiri suhbatlashgan bemorlar tomonidan ma'lum qilindi. Biz holatni o‘z tilimiz bilan emas, balki suhbatlashganlarimizning tilidan boricha aks ettirishga qaror qildik.

“Bular hammasi korobka yig‘adi. Nima demoqchiman? Buni isbot qilib bo‘lmaydi-ku, lekin do‘xtirlarning o‘zlari sizga yozilgan dorining qutisini olib qo‘yadi. Bor narsa bu. Masalan, davlat tomonidan shifoxonaga ajratilgan dori 14 ming so‘mlik desak, uni tugagan deyishadi va 22 minglikni yozib, shu dorini olib kel, deydi. Keyin, dorini ishlatib bo‘lgach, uning qutisi, aniqrog‘i shtrix-kodini ovolishadi”, - deydi xasta qizini ko‘tarib yurgan yigit. Uning aytishicha, shifokorlar yoki hamshiralar qani doringizni ko‘raychi, deb dorining qutisini olib qo‘yishadi.

Yana bir onaning aytishicha, “9800 so‘mlik dori bilan 32 minglik dori tarkibi bir xil bo‘lsa-da, davolovchi shifokor aynan qimmatini yozadi”.

“Ammo, 9 ming 800 so‘mlikni davlat chiqarayapti, 32 minglikni firma chiqarayapti. 9 ming 800 likni emas, 32 minglikni yozadi-da, qutisini ovoladi. Ularga (shifokorlarga demoqchi) qanaqadir protsent bor bo‘lsa kerak. Oddiy shunchaki shifokorlarning xalatidagi cho‘ntagida ham qutilar turadi. Agar ularga manfaat bo‘lmasa, chiqindiga tashlanishi kerak bo‘lgan narsalarni nima qilishadi. Hamshiralar ukol qilib bo‘lgach, yig‘ishadi. Sumkalarini ko‘ring, bir nechta quti bo‘lishi aniq”, - deydi boshqa bir ona.

Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasidan shahardagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining alohida korpusiga ko‘chirilgan bemorlarning ota-onalari bilan suhbatlashishda davom etib, bu masalada yanada ko‘proq fikrlarni, ular duch kelgan holatlarni so‘zlab berishlarini so‘radik. Ulardan biri, hatto respublikadagi obro‘li klinikalardan birida boshidan o‘tkazgan holatini alam ustida so‘zlab berdi.

“Bu balki respublika bo‘yicha keng tarqalgan narsadir, aytolmayman. Lekin Toshkent shahridagi ToshMI (Toshkent Tibbiyot institutining xalq orasida nomlanishi) klinikasida ham borligini bilaman. O‘zim yangi ToshMIda yotdim. Menga qimmat-qimmat dorilarni yozishdi. Olib kelganimdan so‘ng, antibiotiklarning qutilarini ustidagi belgili joyini yirtib olishdi.  Keyin yangi ToshMIdagi do‘xtirlar cho‘ntagingizga qarab muomala qilar ekan. Kesarevo bo‘lishga order bilan bordim. Qarashmadi, sensalor bo‘ldim, do‘xtirlar orasida. Keyin, uydagilarim 100 ming-100 ming so‘mdan qo‘l haqi berishgan ekan, kam ekan, olmayman deyishibdi. Ko‘p shifoxonalarda kiyimingizga qarab muomala qilishadi”, - deydi suhbatdoshlardan biri.

“O‘zi firmalar bilan ishlash holati roddomda (Olmaliq shahar tug‘uruqxonasi) juda ko‘p. Shahar (Olmaliq) shifoxonasida ham shunday. Masalan, o‘zim homiladorlik vaqtimda har oy yotishimga to‘g‘ri keldi. Har chiqqanimda shifokor vypiskaga (shifoxonadan javob berish qog‘ozi) 3-4 mingdan oldi. Aslida, shundoq yozib beriladigan narsa. Har safar. Men 9 oy davomida har oy yotib chiqdim”, - deydi yosh ona. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bemorlardan sovun-poroshok (kir yuvish kukuni), kantstovarga deb pul yig‘iladi”.

“Mana roddomga borib, hali tug‘masimizdan ishlatmaydigan, kerakmas dorilarni ham yozib tashlashadi. Aslida ishlatmaydi bizga shularni. Hammayam o‘sha yozilgan dorilarni qaysi birini, nimaga ishlatyapsan, menga qo‘ydingmi, deyolmaydi”, - deydi kuyunchaklik bilan.

Illyustrativ foto

Biz shu o‘rinda Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasining ta'mirlanishiga doir savollar bilan murojaat qildik.

“Birinchi qavatni ta'mirlab (yuzaki, joriy deyishga guvohlarning so‘zlaridan keyin tilim bormadi) bo‘lishgan ekan, biz ikkinchi qavatni ta'mirlashni boshlaganlarida yotdik. Aytmoqchi bo‘lganim, romni tashqarisi, ko‘zga tashlanadigan joyi bo‘yalgan, ichini ochib ko‘rsa bo‘yalmagan. Shuni (ta'mirlashni) ko‘zbo‘yamachilikka emas, sidqidildan qilishsin. Davlatning puli ketyapti-ku, yonidan ketayotgani yo‘q”, - deya qayg‘uradi yana bir fuqaro.

Ammo, boshqa bir ayol buning aksiga guvoh bo‘lganini, ya'ni ta'mirlash ishlarini hamshiralarning o‘zlari o‘tkazishgani, qurilish mollarini o‘zlarining yonidan xarid qilishganini aytadi.

“Bizlar ham 3-son bolalar shifoxonasidan ko‘chib keldik yuqumli kasalliklar shifoxonasiga. O‘sha yerdagi hamshiralar Prezident kelar ekan deb, o‘z yonlaridan xarajat qilib, oqlab, bo‘yoqlarni xarid qilib, o‘zlari ustachilik qilib, bo‘yashib, yengil ta'mirlash ishlarini o‘tkazishdi. Men shu vaqtda o‘sha shifoxonada edim. Lekin, keyinroq, bo‘lmas ekan deb (talabga javob bermas ekan ma'nosida), bu yerga ko‘chirishdi”, - deydi boshqa bir bemor bolaning onasi.

Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasi hamshiralari bilan suhbatlashib, ulardan ham o‘z sohasidagi kamchiliklarni so‘radik. Ulardan birining aytishicha, shifoxonada hamshiralar soni 2 martaga kamaytirilgani sababli yozuv-chizuv ishlari ko‘paygan. Bundan tashqari, fond puli yig‘ishlar, kasallik varaqalarining nusxalarini ko‘paytirish ishlari ham hamshiralar cho‘ntagi hisobiga amalga oshirilishini u tasdiqladi.  

“Bugungi kunda yozish-chizishlarimiz ko‘payib ketdi. Bitta ukol qilsak, bitta yozamiz, bemor bolani otasi yoki onasiga qo‘l qo‘ydiramiz. Ilgari bir hamshira yozsa, boshqasi muolaja ishini bajarardi. Hozirda unday emas. Hatto vena tomirdan ukol qilsak, masalan, 3 gramm spirt sarflandi, deya qayd qilamiz, o‘zimiz imzo chekamiz va bemor imzosini qo‘ydiramiz.

Bu ham yetmagandek, ish kunimiz tugagandan keyin har bir foydalanilgan shpritsni sanab topshiramiz. Bir kunda ( ish kuni hisobida - 12 soat) bir hamshira o‘rtacha 25 ta tomchilab yuborish muolajasini qilsa, 2-3 ta daftarga (ota-onalar daftari, hamshira daftari, muolaja daftari kabilar) 25 marta yozib, imzo qo‘yadi, qo‘ydiradi. Ish vaqtimiz tugagandan so‘ng, bo‘lim boshlig‘iga hisobot topshirganimizdan tashqari, bosh shifokor o‘rinbosariga yana hisobot beramiz. Bunda shpritslarning o‘lchamiga ham e'tibor beriladi”, - deydi hamshira.

Biz yuqoridagi quti yig‘ishlar maosh yetishmasligidan qilinayotgandir, degan o‘yda hamshiralarning oylik maoshiga qiziqdik. Unga ko‘ra, oddiy hamshiralar 300 ming- 400 ming so‘m, oliy toifalilar 500 ming so‘m maosh oladi. Ayrim hamshiralar ishdan tashqari vaqtlarda 25 ming so‘mlik kunlik ishlarga ham chiqishlari ma'lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, hamshiralar ota-onalarning ba'zi narsalarni tushunmasliklarini ham aytishdi.

“Ota-onalarga ham e'tirozlarimiz bor. Ko‘p xarajat qilishlariga ba'zan o‘zlarining asossiz xarxashalari va talablari sabab bo‘ladi. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi talabi bo‘yicha bir bemorni 2 ta ukol va 3 ta tabletka bilan tuzatishimiz kerak. Ammo, buni tushuntirsak ham ota-ona meni bolam bunga tuzalmaydi, tomchilab dori yubor, deb turib olishadi. Ular shifokorning yozganiga qanoat qilish o‘rniga menga kapelnitsa (tomchi usulida yuboriluvchi dori turlari) yoz deb turib oladi.

Ba'zan davlat ajratgan dori-darmon davolash kursiga yetmay qolsa, yonlaridan xarid qilishiga to‘g‘ri keladi. Shundayam tushunmovchilik bo‘ladi. Davlat mening bolamni kasaliga ham dori ajratgan, sizlar uni o‘zlashtirib, menga dori xarid qildirayapsizlar, degan holatlar ko‘p uchraydi. Ya'ni, davlat tomonidan ajratilgan dori-darmonlar 3 kunlik muolajaga yetadi, bemorlarning ota-onalari tixirlik qilib, qo‘shimcha antibiotik yoki tomchi dorilarni talab qilishadi. Bunda limit tugagani sababli o‘zlariga olib kelishni aytishga majbur bo‘lamiz”.

Uning davom etishicha, kasallik varaqasi uchun qog‘ozlar hamshiralar yoki bemorlar hisobidan to‘ldiriladi.

“Har bir bemorga 1800 so‘m atrofida pulimiz ketadi. Shuning uchun onalarga beramiz, hech bo‘lmasa, 3 tasini nusxa ko‘chirib beringlar deb, tushungan tushunadi, pulini beradi, boshqasi bermaydi. Rahbarlarimiz bizga bir nusxani berib qo‘yishadi, o‘shani o‘zlarimiz nusxa ko‘chirib, yopishtiramiz. Yana hamshira daftari, bemor daftari kabilarni (pereplyot qilingan daftarlar) ham o‘z hisobimizdan xarid qilamiz. Bundan tashqari, yilda bir marta 20-25 mingdan fond puli yig‘amiz. Har oylik maoshdan 3-4 ming so‘m kantstovarga pul beramiz”, - deydi Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasi hamshiralaridan biri.

Yuqorida qayd qilingan masalalar yuzasidan Olmaliq shahar 3-son bolalar shifoxonasi bosh shifokoriga (Sayyora opa deb tanishtirdilar) murojaat qildik. U bularning barchasi yolg‘on ekanini, fond puli, kantstovar pullaridan xabari yo‘qligini, ta'mirlash ishlari uchun ham pul yig‘ilmagani, yig‘ilgan bo‘lsayam, o‘zi ko‘rsatma bermaganini ta'kidladi.

Xullas, Olmaliqda mana shunaqa gaplar. Biz yozdik, siz o‘qidingiz. Xulosani mutasaddi tashkilotlar chiqarsin! Balki, kelgusi safar ToshMI klinikasida davolanayotgan bemorlarga mehmon bo‘larmiz.

Shu o‘rinda o‘quvchilarga bir murojaat. Siz yoki yaqiningiz davolangan shifoxonada shunga o‘xshash holatlarga duch kelganmisiz? Shunday bo‘lsa, Kun.Uz tahririyatiga murojaat qiling.

Tolib Rahmatov
Kun.Uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: