Komilov Litva tashqi ishlar vaziriga maktub yo‘lladi 

O‘zbekiston 12:28 / 16.08.2017 3535

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Litva Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Linas Linkevichiusga maktub yo‘lladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

“Men Sizni muhim sana – O‘zbekiston Respublikasi va Litva Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ulkan mamnuniyat ila tabriklayman”, - deya boshlanadi maktub.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Litvani uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda yaqqol natijalarga erishgan muhim xalqaro hamkor sifatida ko‘radi.

“Biz mamlakatlarimiz o‘rtasida shakllangan o‘zaro manfaatli aloqalarni hamda barcha darajalardagi ochiq va konstruktiv ruhdagi muloqotni yuqori baholaymiz”, - deyiladi maktubda.

O‘zbekiston o‘zaro tashriflar amaliyoti va Litva bilan siyosiy va parlamentlararo yo‘nalishda, iqtisod va sanoat, madaniyat va san'at sohalarida munosabatlarni yanada izchil kengaytirishni davom ettiradi.

“Aminmanki, o‘zaro hurmat va manfaatlarni birdek inobatga olishga asoslangan O‘zbekiston-Litva sherikligi bizning xalqlarimiz farovonligi yo‘lida kelgusi yillarda ham mustahkamlanishda davom etadi”, - deya yakun yasalgan Komilovning maktubiga.

Ko‘proq yangiliklar: