Useyn Bolt faoliyatidagi so‘nggi sprintini yakunlay olmadi

Sport 07:55 / 13.08.2017 24496

Yamaykalik sprinter, afsonaviy Useyn Bolt Londonda o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida faoliyatidagi oxirgi sprinti vaqtida jarohat oldi. Bu haqda Sinxua xabar berdi.

Voqea 4x100 metrga estafeta bahsining finalida yuz berdi.

Bolt estafetaning yakunlovchi bosqichida yugurishi kerak edi. U sherigidan estafeta tayoqchasini olishi bilan oqsoqlanib, raqiblaridan sezilarli masofaga ortda qolishni boshladi va so‘ngra umuman to‘xtab, yugurish yo‘lkasiga qulab tushdi

Shu sababli Yamayka terma jamoasi estafetani yakunlay olmadi.

Estafetani esa jahon chempionati mezboni Buyuk Britaniya yutdi. 2-o‘rinni AQSh, 3-o‘rinni esa Yaponiya egalladi.

2007 yildan beri jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarida birorta estafetani yutqazmagan Bolt so‘nggi estafeta finalini yuta olmadi. U bilan birga 8 ta Olimpiya oltin medali, jahon chempionatlaridagi g‘alabalari va jahon rekordlari qoldi. 

Bolt har doim shouni yaxshi ko‘rgan. Bu gal ham u o‘zi istamagan holda oxirgi sprintini yurakni ezuvchi va dramatik shouga aylantirdi.

Bolt haqiqatan ham ajoyib atlet. U butun dunyoda televizorlar 10 yil davomida 100 va 200 metrga yugurish vaqtida aynan u uchun yoqiladigan inson bo‘lib keldi. Millionlab odamlarning nigohlari uning tabassumi, start oldidan xurmacha qiliqlariga, distansiyadagi keng qadamlariga, uning oxirgi metrlaridagi o‘zini raqiblariga nisbatan gohida masxaraomuz tutishiga qaratilgan edi. Boltdan bo‘lak kim ham yuz metrga yugurishda marragacha 10 metr qolganda orqasiga alang-jalang qilgancha g‘alabani nishonlay oladi? Oqibat natijada barcha undan yaqin kelajakda zabt etilmaydigan jahon rekordlari va uning mashhur imo-ishorasini kutib qolardi.

Ko‘proq yangiliklar: