NASA​ "Sayyora posboni"​ lavozimida ishlamoqchi bo‘lgan 9 yoshli bolaning arizasini rad etmadi

Jahon 14:27 / 13.08.2017 11771
Foto: boredpanda.com

O‘tayotgan bir necha haftalar davomida NASA agentligi "Sayyora posboni" lavozimiga yangi xodimni yollash uchun e'lon bergan edi. Agentlikning Kadrlar bilan ishlash bo‘limidagilar to‘qqiz yoshli boladan ariza qabul qilgani barchani hayron qoldirdi.

"Men barcha sayyora va kelgindilarning jangi tasvirlangan, o‘zga olamlar haqida olingan filmlarni ko‘rganman. O‘ylaymanki, to‘qqiz yosh bo‘lishimga qaramay, bu ishni eplay olaman", deydi Nyu-Jyersidan xat yozgan Jyek Devis.

NASA​ rahbariyati ushbu arizani e'tiborsiz qoldirmagan va Devisga javob xatini yo‘lladi.

"Hurmatli Jyek, biz sening intilish va istaklaringni qadrlaymiz. Shu bilan birga taklif etilayotgan ish o‘rni haqida biroz ma'lumotlarni oydinlashtirib o‘tsak, bu lavozimdagi xodim Oy va Marsdagi tadqiqotlar davomida qo‘lga kiritilgan fazoviy jismlarni o‘rganadi, mikrob va ifloslanishlarning Yerda tarqalmasligi uchun mas'ul bo‘ladi. Shuningdek, Quyosh tizimidan bizga yo‘nalgan ifloslanish miqdorini aniqlaydi", deyiladi javob xatida.

NASA​ agentligining Sayyoralarni ilmiy o‘rganish bo‘limi boshlig‘i Jyeymes Grin yozgan javob xatida bolakayga rad javobi berilmagan.

"Bundan tashqari bizga kelajakda katta muvaffaqiyatlarga erisha oladigan yetuk olim va muhandislar kerak. Shuning uchun maktabdagi ta'limda a'lo baholarga o‘qishingni so‘rab qolamiz. Bir kun kelib, seni NASA​ tarkibidan ko‘rishdan mamnun bo‘laman", deb yakunlangan javob xati.

Ayni paytda "Sayyora posboni" lavozimida faoliyat olib borayotgan Ketrin Konlining yillik daromadi 127,000 AQSh dollarini tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: