AQShning Afg‘onistondagi kelgusi rejalari: yangi epoxa boshlanadimi?

Jahon 17:32 / 13.08.2017 49839

Iyul oyida Blackwater xususiy harbiy kompaniyasi sobiq rahbari Erik Prins Afg‘oniston hududida Ost-Indiya kompaniyasining muqobilini tuzishni taklif etgan edi. Hindiston boy tarixining ushbu bo‘lagi Buyuk Britaniya tomonidan tayinlangan vitse-prezident boshqaruvi va davlat nazorat-hamkorligidagi xususiy kompaniya bilan uzviy bog‘liq. Erikning fikriga ko‘ra, vitse-prezident qog‘ozbozlik va har qanday majlislardan ozod etilgan shaxs, u faoliyati va harakatlari to‘g‘risida faqat AQSh prezidentiga hisobot beradi.

Erik Prins taklif etayotgan reja bo‘yicha yollanma askarlar Afg‘onistondagi mahalliy askarlar bilan yelkadosh bo‘lib kurashadi. Afg‘onistondagi mineral resurslar hamda geosiyosiy hudud joylashuviga qiziqqan manfaatdor xorijiy korporatsiyalar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi aniq. Hozircha Afg‘onistondagi foydali qazilma boyliklar uch trillion AQSh dollariga teng baholanib kelinmoqda.

Vaqt o‘tgan sari yuqori lavozimdagi AQSh rahbarlari nazariga tushmagan loyiha murakkab yechimga ega taklifga aylanib qolmoqda. Negaki, shu davrgacha afg‘on muammosini hal eta olmagan 145 ming ittifoqchi askar vazifasini yangi tashrif buyuradigan 25 ming askar ham bajara olmasligi mumkin. Afg‘oniston diyoriga qaytadan kirib, yana o‘n yillab urush olib borish mumkin, ammo bular samarali natija bermaydi.

Afg‘oniston hududini tark etish ham AQSh tashqi siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi - hudud qo‘shni Eron, Xitoy va Rossiya ta'sir doirasiga tushib qolishi hech gap emas. Demak, uchinchi yo‘l qoldi: Erik Prins taklif etayotgan yollanma armiya orqali barchasini hal etish.

U kurash maydoniga 5500 nafar askar yuborishni taklif etmoqda. Shuningdek, yollangan harbiylar afg‘on yerlarida odatdagidan ko‘proq yashashi rejalashtirilgan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Amerika armiyasi Afg‘onistonda urushni 16 yil emas, balki 16 marta bir yildan olib bordi. Bunda mutaxassislar askarlarning almashib turish tartibiga ishora qilishmoqda. Erik armiyasidagilar esa uzoqroq yashaydi, mahalliy tilni o‘rganadi, ular bilan kundalik turmushda ko‘p munosabatlarni yo‘lga qo‘yadi. Prinsning loyihasi bo‘yicha, shartnoma asosida armiyaga yollanadigan askarlar faqat AQSh fuqarolari emas, ular Fransiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va JARdan ham bo‘lishi mumkin.

Bu iqtisodiy jihatdan AQSh byudjyetini belgilashda juda qulay vaziyatni yuzaga keltirmoqda: Erik Prins loyihasi 10 milliard AQSh dollarini tashkil etadi, bu esa hukumat Afg‘onistonda 2018 yili sarflashni rejalashtirgan 50 milliard AQSh dollaridan ancha arzon narx bo‘lishi mumkin.

Bu turdagi armiya ittifoqchilarni qo‘llab turish maqsadida nuqtalarga havodan zarbalar berib, 90ga yaqin aviatexnika vositalaridan foydalanishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun Erik Dubay shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan, harbiy xizmat va yuk tashuvida foydalaniladigan Lancaster6 bazasidan foydalanishni rejalashtirgan.

Masalaning eng nozik jihati shundaki, yollanma askarlar armiyasini kim moliyalashtiradi? Bu savolga javob berish uchun iyul oyidagi prezident Donald Tramp va Afg‘oniston rahbari Ashraf G‘ani o‘rtasidagi suhbatga quloq tutamiz. Undagi kelishuvga ko‘ra, Tramp tez orada Afg‘onistonda mavjud zaxira boyliklarni baholash uchun maxsus mutaxassislar guruhini yuborishini ta'kidlagan edi. Jahon bozorida esa Afg‘oniston tabiiy boyliklari orasidan litiy alohida qadrga ega, chunki bu material elektromobil, elektrotexnika ishlab chiqarishdagi asosiy qismlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda elektron gadjyetlarning ko‘payib ketganini hisobga olsak, quvvatni o‘zida to‘plash imkoniyatiga ega litiy kelajakda Afg‘onistonni "ikkinchi Saudiya"ga aylantirib yuborishi mumkin.

Qazilma boyliklari joylashgan konlarni qo‘riqlash va xavfsizligini ta'minlash masalasi yollanma armiyani yuborish uchun eng yaxshi niqob bo‘lishi mumkin. Bunda Trampga Afg‘oniston masalasida maslahatlarini ayamay kelayotgan, dunyodagi eng mashhur harbiy xizmatlarni taqdim etuvchi DynCorp International kompaniyasi rahbari Stiv Faynbergning alohida rolini ko‘rishimiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: