Firibgar elektrchilar MIB tomonidan qo‘lga olindi

Jamiyat 09:29 / 09.08.2017 46448

5 avgust kuni Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tumani bo‘limiga tumandagi «Sohibkor» MFY Oqtepamitan qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sirojiddin Ergashev murojaat qiladi.

O‘z Murojaatida S.Ergashev Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari Qodirov Ma'ruf va Shavkat Ergashev undan 2016 yilning yoz oylarida elektr energiyadan mavjud bo‘lgan 540 ming so‘m qarzdorlikni va yangi plastik elektr hisoblagichni o‘rnatib berish evaziga 700 ming so‘m pullarini olib, hozirgi kunga qadar pullarni qaytarmay, yangi elektr hisoblagichni o‘rnatib bermayotganligini bayon etgan va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

6 avgust kuni soat taxminan 19:00 larda Majburiy ijro buyurosi Samarqand viloyati boshqarmasi va Bulung‘ur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari Ma'ruf Qodirov va Shavkat Ergashevlar firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 700 ming so‘m pulning 150 ming so‘mini fuqaro Sirojiddin Ergashevga qaytarib berishayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.

Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tumani xodimlari tomonidan dastlabki olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari natijasida fuqaro Ma'ruf Qodirov va Shavkat Ergashevlar o‘z ayblariga iqror bo‘lib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 700 ming so‘mdan qolgan 550 ming so‘mini o‘z ixtiyori bilan taqdim etgan. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.   

Farhod Norbo‘tayev,
jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: