BAAda Yevropa banklariga norasmiy boykot e'lon qilindi

Jahon 22:05 / 09.08.2017 6879

BAA Yevropaning Credit Suisse, Deutsche Bank va Barclays kabi banklariga bu banklarning yirik aksionerlari Qatar biznes doiralari vakillari hisoblanishi sababli norasmiy boykot e'lon qildi.

The Financial Times nashri ma'lumotlariga ko‘ra, bu banklar yaqin oylarda Abu-Dabidagi katta loyihalarda ishtirok etish huquqini yuta olishlari dargumon, chunki ularda Qatar suveren fondi va Qatar qirollik oilasi a'zolari katta ulushlarga egalar.

Qatar kompaniyalari Barclays va Deutsche Bank’da 6 foizlik ulushga ega, Credit Suisse’ning 5 foizlik ulushi Qatar Investment Authority tuzilmalariga tegishli. Bu tuzilmalar ushbu bankning yana 13 foizlik ulushini sotib olish huquqiga ega.

Boykot haqida iyulda, Abu-Dabi milliy neft kompaniyasi uning bo‘linmasining IPO’sini qaysi banklar o‘tkazishini hal qilganda ma'lum bo‘lgan. Tanlovga taklif qilingan, boykot ostiga tushgan banklar, jumladan Credit Suisse tezda ishtirokchilar orasidan chiqarib tashlangan. Boykot ostiga tushgan boshqa banklar esa umuman tanlovga taklif qilinmagan.

"Bizga norasmiy boykot borligi, biz hech narsa qila olmasligimiz aytilgan", deb aytmoqda bankirlardan biri. Uning aytishicha, cheklovlar ommaviy tarzda oshkor qilinmagan. Ta'kidlanishicha, BAA boykot e'lon qilishni va uni tan olishni rasman rejalashtirmagan.

Boykotga uchragan boshqa bank xodimi esa cheklovlarni ba'zi amaldorlar va tashkilotlar kiritayotganini aytgan. Bankirning ta'kidlashicha, uning banki loyihalarda ishtirok etishga taklif qilingan. Ushbu holat yuzasidan banklar ham, BAA hukumati ham izoh berishni istamagan.

Ko‘proq yangiliklar: