O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Kinematografiyani rivojlantirish markazi o‘rtasida anglashuv Memorandumi imzolandi

Jamiyat 22:41 / 08.08.2017 11074

8 avgust kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev hamda Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Oybek Abdushukurov har ikki tashkilot o‘rtasida anglashuv Memorandumini imzoladilar.

Memorandumga ko‘ra har ikki tashkilot hamkorligida “Yosh kinoijodkorlar uyushmasi” nodavlat notijorat tashkilotini ta'sis etildi va kelajakda Uyushmaga birlashgan yoshlar ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga molik kinoloyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, memorandumda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida “Yoshlar press klubi”ni tashkil etish ham belgilangan bo‘lib, bu orqali yoshlar muammolari va ularning yechimiga bag‘ishlangan turli shakl va janrlarda ko‘rsatuv va teledebatlar tayyorlash nazarda tutilgan.

Bugungi kun kinematografiyasi uchun o‘ta dolzarb hisoblangan masala, ya'ni zamonamiz qahramonlari obrazini yaratish, yosh avlod ma'naviyatiga, tarbiyasiga ijobiy tasir ko‘rsatadigan badiiy, hujjatli, multiplikatsion hamda qisqa metrajli filmlar, shuningdek, teleseriallar ishlab chiqarish ham mazkur hujjatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan mazkur memorandum yosh ijodkorlar uchun yuksak imkoniyat eshiklarini ochishi, yoshlarning kinematografiya sohasidagi ijodiy faoliyatini birgalikda olib borishlariga zamin yaratishi, uyushmagan yoshlarni hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston yoshlar   ittifoqining raisi Qahramon Quronboyev, Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Oybek Abdushukurov hamda O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bugungi kunda mamlakatimiz yoshlariga, jumladan, ijodkor yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, davlat miqyosidagi e'tibor haqida gapirib, yosh ijodkorlarni yanada faollikka, badiiy saviyasi yuqori asarlar yaratishga chaqirdilar.Shundan so‘ng Yosh kinoijodkorlar uyushmasi a'zolarining ilk mahsuloti – “Welcome to Bukhara” nomli imidjli viderolikning taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur videorolik yig‘ilganlarda kuchli taassurot qoldirdi. Dunyo standartlariga to‘liq javob bera oladigan mazkur viderolik ustida 50 kishilik guruh ishlagan bo‘lib, suratga olish jarayonlari ikki hafta davom etgan. Biroq videorolik loyihasi ustida ijodiy guruh ikki oydan ortiq mehnat qildi. Videorolik uchun alohida musiqa bastalangan bo‘lib, unda birorta ham tasodifiy kadr olinmagan, barcha kadrlar yuqori saviyada sahnalashtirilgan.

Videorolik g‘oyasi muallifi hamda rejissyori o‘zining “Ona” (“U”) qisqa metrajli filmi bilan tanilgan Muxlisa Azizova bo‘lib, u mazkur ishida Buxoroning go‘zalligi-yu, turistik salohiyatini nafaqat tarixiy obidalar, balki insonlar chehrasidagi baxt, quvonchda aks ettira olgan va bu bilan loyiha oldiga qo‘yilgan maqsadga erishgan.

Ittifoq va Markaz o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan tashkil etilgan Yosh ijodkorlar uyushmasining ilk ishi – O‘zbekiston turizmini rivojlantirish va xorijga reklama qilishga qaratilgan.

 

Kinematografiyani rivojlantirish
markazi matubot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: