Prezident “Yoshlar simfonik orkestrini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi” farmoyishni imzoladi

Jamiyat 10:02 / 08.08.2017 5840

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar simfonik orkestrini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoyishi e'lon qilindi. Hujjat matni davlat rahbari saytida joylashtirilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining Toshkent shahar “Yoshlar ijod saroyi” nodavlat notijorat tashkilotining Yoshlar simfonik orkestri uchun ilovaga muvofiq tovarlarni xarid qilish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Bunda, mazkur tovarlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining mablag‘lari hisobidan “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyati orqali xorijdan xarid qilinishi inobatga olindi.

Yoshlar simfonik orkestri uchun “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xorijdan olib kelinadigan tovarlar 2018 yil 31 dekabrgacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakolatli bank bilan birgalikda mazkur farmoyishning ilovasida ko‘rsatilgan tovarlarni xorijdan xarid qilish uchun mablag‘larning belgilangan tartibda konvertatsiya qilinishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur farmoyishning ilovasida ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan tovarlardan maqsadli foydalanilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatadi.

Olib kelinadigan tovarlar maqsadsiz foydalanilgan taqdirda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan to‘lanmagan bojxona to‘lovlari summasi qonunchilikda belgilangan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga undiriladi.

Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Q.K.Kuranbayev zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: