Chiqish vizasini bekor qilish bo‘yicha hujjat tayyor bo‘ldi - TIV

O‘zbekiston 09:00 / 08.08.2017 73581

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 7 avgust kuni idoralararo yig‘ilish o‘tkazdi. Unda joriy yilning 5 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining vatandoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti doirasida ko‘tarilgan masalalarni yechish yuzasidan qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot tinglandi.

Vazirlik matbuot xizmati ma'lum qilishicha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va boshqa davlat tuzilmalari vakillari ishtirok etgan.

Xabar qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan fuqarolarning chet elga borish ruxsatnoma yozuvi stikerini (OVIR) bekor qilish hamda xorijga chiqish pasportini bosqichma-bosqich joriy etishni ko‘zda tutuvchi, fuqarolikdan chiqishni rasmiylashtirish hamda xorijga ketgan fuqarolarning mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi davlat rahbari qarorlari loyihalari hamda qonunchilikka, qonun osti hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha boshqa takliflar tayyorlangani va idoralararo kelishuv bosqichida turgani ma'lumot uchun qabul qilingan.

Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining mehnat migrantlarini tegishli ijtimoiy paket, jumladan zarur yashash-maishiy sharoit, munosib ish haqi darajasi va boshqa imtiyozlar bilan ta'minlashni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston fuqarolarini ishga yollashni tashkillashtirish bo‘yicha yirik xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama bitimlar tuzish bo‘yicha faoliyati qo‘llab-quvvatlangan.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra Idoralararo ishchi guruhi tarkibi va uning 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan Ish rejasi kelishilgan va tasdiqlash uchun taklif qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: