Surxondaryoda ota o‘z o‘g‘lining qotiliga aylandi

Jamiyat 10:42 / 03.08.2017 17363

Turmush o‘rtog‘i bilan to‘rt nafar farzandini voyaga yetkazgan Suhrob Mamatov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yoshi oltmishni qoralaganda sudning qora kursisiga o‘tirishga majbur bo‘ldi, qotil degan nom orttirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Avvaliga o‘g‘illar o‘z ishi bilan mashg‘ul, oila tinch-osuda hayot kechirardi. Orada avval katta o‘g‘il, keyinchalik ikki kichigi ham uning ortidan Rossiya davlatiga borib, ishlab kelishdi, “Kobalt” rusumli avtomashina sotib olishdi. Biroq, kenja o‘g‘il Ravshan spirtli ichkilik ichishga ruju qo‘ydi. Ichib, tinchgina o‘tirsa mayli, to‘polon qilib hammani bezor qilishni odat qildi. Kundalik janjallardan bezigan akalar alohida uy qurib, chiqib ketishdi. Bebosh o‘g‘ilning xarxashasini ko‘tarish ota bilan onaga qoldi.

Fojia yuz berishidan bir kun oldin ham ko‘chaga chiqib ketgan kenja o‘g‘il kechki payt mast holda kelib, janjal qilishni boshladi. Birozdan keyin aroq olib kelmoqchiligini aytib, mashinaning kalitini qidira boshladi. Onasi noiloj unga ozroq pul olib chiqib bergach, Ravshan ko‘chaga chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay bir shisha aroq olib keldi-da, hovlida o‘tirgancha, icha boshladi. Shisha bo‘shagandan keyin devorga otib sindirdi. Biroz o‘tirgach, “Arog‘im qani?” deya to‘polon qilishga tushdi. Onasi uni tinchlantirish uchun katta o‘g‘liga pul berib, do‘konga jo‘natdi. Ravshan aroqni qo‘lga olgach, tinchlandi. Biroq otguncha shishani bo‘shatish barobarida o‘zi ham uxlamadi, boshqalarni ham uxlatmadi.

Ertasiga ertalab ham Ravshanning kayfi tarqmagan edi. Birozdan keyin hovlida ota-bola tortishib qolishdi. Ota “o‘g‘lim mast, hozir unga gap kor qilmaydi”, demadi, o‘g‘il esa “bu otam-ku, hurmatini qilay”, deyishga qodir emasdi. Xullas, janjal kuchayib, Ravshan qo‘liga ilingan narsalarni duch kelgan tomonga ota boshladi. Bir mahal qo‘liga tushgan oftobani “Kobalt” avtomashinasiga otmoqchi bo‘lganida, ushlab qolishdi. Ravshan shundan keyin sal tinchlandi-yu, keyin yana janjal qila boshladi. Bunga toqat qilolmagan ota qo‘lidagi hassa bilan uning boshiga orqa tomonidan ikki marta zarb bilan urdi. Ravshan stolga suyanib qolgach, o‘rtancha o‘g‘li bilan uni suyab, ichkariga olib kirib, yotqizib qo‘yishdi. Shunda ham tipirchilayvergach, otasi tashqaridan mol bog‘lashda ishlatiladigan arqon olib kirib, oyoq-qo‘lini bog‘lab, eshikni tashqaridan qulflab qo‘ydi.

Hovlida biroz yurgach, Ravshan o‘ziga kelgandan keyin uni tinch qo‘ymasligi xayolidan o‘tib, uni tinchitishni o‘ylab qoldi. Bu paytda ko‘ziga hech narsa ko‘rinmadi, Ravshan o‘zining pushtikamaridan bo‘lgan jigarbandi ekanini, o‘zi uni ko‘tarib katta qilgani-yu, rejasi esa jinoyat ekanini o‘ylab ham o‘tirmadi. Eshikchi ochib ichkariga kirdi va Ravshanni bo‘g‘a boshladi. Ammo kuchi yetmadi. Shoshganicha hovliga chiqib, sim topdi. Bir uchini o‘g‘lining qo‘l va oyog‘ining bosh barmog‘iga o‘rab, uchini ikkiga ajratdi-da, rozetkaga tiqdi. Ravshani bir-ikki tipirchilab, jim bo‘ldi. Simlarni yechib olib, tashqariga chiqdi. Bu paytda xotini qarindoshinikiga to‘yga ketgan edi. Yarim soat chamasi hovlida tentirab yurgach, xonaga kirib qarasa, o‘g‘lining joni uzilibdi. Oyoq-qo‘llarini yechdi. Eshikni yana qulfladi. 

Yarim tunda birov so‘rasa, yo‘qolib qoldi, deyishni rejalashtirdi va o‘g‘lining jasadini ko‘rpaga o‘rab, bir amallab kanalgacha sudrab bordi va suvga tashlab yubordi...

Birorta jinoyat jazosiz qolmaydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi Suhrob Mamatovga 15 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Ko‘proq yangiliklar: