BAAning Etihad aviakompaniyasi 2016 yilda 1.87 mlrd dollar yo‘qotdi

Iqtisodiyot 08:35 / 28.07.2017 3496

Birlashgan arab amirliklarining mashhur Etihad aviakompaniyasi 2016 yilga doir moliyaviy hisobotini e'lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniya o‘tgan yili 1.87 mlrd dollar yo‘qotgan. Kompaniya bunday katta miqdorda zarar ko‘rishga «narxlarni arzonlashtirish orqali bir martalik zararlar va xedjlash uchun qo‘llanilgan yo‘qotishlar» sabab ekanini aytmoqda.

Qarorgohi Abu Dabida joylashgan aviakompaniyaning bu kabi yirik miqdorda zarar ko‘rishiga, shuningdek, Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzish bilan bog‘liq iqtisodiy qamal va Amerika prezidenti Donald Tramp ma'muriyatining 6 musulmon mamlakatidan sayyohlar kelishiga o‘rnatgan taqiqi ham o‘zining salbiy hissasini qo‘shgan.

Etihad yo‘qotishlariga sabablardan biri aviakompaniya bosh direktori Jyeyms Hoganning kursisini tark etishi bilan ham bog‘liq. U bir necha yillar mobaynida kompaniyani boshqarar ekan, ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha parvoz huquqlarini xarid qilar edi. Shu bilan kompaniya Yevropadan Avstraliyaga parvozlarni amalga oshiruvchi boshqa raqobatchi kompaniyalar narxlarining tushishiga turtki bergan.

Hisobotda qayd etilishicha, 1,06 mlrd dollar arzon narxlardagi yo‘nalishlardan, 808 mln dollar miqdoridagi zarar esa, asosan, Alitalia va Air Berlin kabi hamkorlar bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar va tavakkalchiliklardan ko‘rilgan. 

«2016 yilda turli omillarning kuchayishi shunday natijalarga sabab bo‘ldi», - degan Etihad Aviation Group raisi Muhammad Muborak Fadxal al Mazruiy. 

Etihad aviakompaniyasi yangi bosh direktori Piter Baumgartner esa natijalar yanada yomonroq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan. 

Etihad dunyo bo‘ylab 110 dan ortiq yo‘lovchi va yuk tashish yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshiradi. Uning samolyotlar parkida 120 dan ortiq Airbus va Boeing havo laynerlari bor.

Ko‘proq yangiliklar: