IIV qurol bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritdi

Jahon 17:40 / 27.07.2017 69272

O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risida”gi Qonunini keng muhokama qilish doirasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga qator taklif va murojaatlar kelib tushdi. Shu sababdan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati vaziyatga oydinlik kiritdi.

Qonun loyihasining maqsadi fuqarolik, xizmat va jangovar qurol hamda ularga o‘q-dorilarning respublika hududida aylanmasi sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish sanaladi, shu sababdan uning asosiy qoidalari quyidagilarga yo‘naltirilgan:

– qurolni xarid qilish, taqib yurish va ishlatishga huquqi bo‘lgan davlat organlari, yuridik hamda jismoniy shaxslar toifalarini aniqlash;

– turli davlat idoralari hamda tashkilotlarning qurolning ma'lum bir turlariga egalik qilish va ulardan foydalanishga nisbatan vakolatlarini aniq chegaralash, xususan, harbiy tuzilmalar, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa kuch tuzilmalari, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan ularga fuqarolarning hayoti hamda sog‘lig‘i, mol-mulki, tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish, qimmatbaho hamda xavfli yuklar, maxsus yozishmalarni himoya qilish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni bajarish chog‘ida;

– respublikada jamoatchilikka katta xavf uyg‘otishi mumkin bo‘lgan qurol hamda o‘q-dori turlarining aylanmasiga cheklov o‘rnatish (travmatik, plastik qurol, katta quvvatga ega pnevmatik va gaz quroli, radiofaol nurlanish, biologik omillardan foydalanilgan qurollar va h.k);

– qurol aylanmasi sohasida faoliyat olib borishning lisenzion-ruxsat beruvchi tartibini o‘rnatish, shuningdek, bu sohada tegishli davlat idoralarining vakolatlari;

– ishlab chiqariluvchi hamda olib kiriluvchi qurol va o‘q-dorilarni majburiy sertifikatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish, qurol hamda o‘q-dorilarni olib qo‘yish uchun aniq asoslarni aniqlash;

– qurol va o‘q-dorilarning eksport-importi, olib kirilishi-olib chiqilishi, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar yoki respublika hududida xalqaro shartnomalar asosida vaqtinchalik joylashgan xorijiy delegatsiyalar xavfsizligini ta'minlash maqsadida qo‘llaniluvchi qurol aylanmasi tartibini tasdiqlash.

Shu bilan birga, ta'kidlab o‘tish lozim, qonun loyihasi bilan fuqarolar tomonidan o‘qotar qurolga faqatgina ov va sport (ov jamiyatlari va sport klublarining o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan a'zolari) bilan shug‘ullanish uchun egalik qilish hamda foydalanish nazarda tutilgan. Shunga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan jamoatchilikka katta xavf tug‘diradigan o‘qotar qurol va boshqa qurol turlarini o‘zini o‘zi mudofaa qilish maqsadida xarid qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xususan, fuqarolar tomonidan o‘zini o‘zi mudofaa qilish maqsadida foydalanishga ruxsat etiladiganlar turiga faqatgina gaz ballonchalari, mexanik purkagichlar, aerozolli va ko‘zdan yosh sizdiruvchi hamda qichituvchi moddalarga ega boshqa qurilmalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qo‘llashga ruxsat etilgan elektroshokli va uchqunli razryadniklar kiritilgan.

Shu bilan birga, ko‘rsatilgan o‘zini o‘zi mudofaa qilish vositalarini xarid qilish fuqarolarga ichki ishlar idoralari tomonidan zarur tekshiruv tadbirlari natijalariga ko‘ra beriluvchi ruxsatnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin.

 

Ko‘proq yangiliklar: