O‘zbekiston va Germaniya OTMlari YeIning “ERASMUS +” dasturi doirasida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 16:15 / 25.07.2017 11629

Mamlakatimizda oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish, oliy ta'limning o‘quv-tarbiyaviy jarayoni mazmuni, o‘quv reja va dasturlarini takomillashtirish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  PQ-2909 sonli qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror doirasida oliy ta'lim tizimida YeI mamlakatlari, jumladan Germaniyaning Vaynshtefan Amaliy bilimlar universitetiga “Erasmus plyus” dasturi “Hamkor mamlakatlar oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari uchun safarbarlik loyihasi” yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda o‘quv reja va dasturlarini takomillashtirish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlashga doir hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish maqsad qilingan. Shu yo‘lda Toshkent Davlat Agrar Universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Urganch Davlat Universiteti, Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, Andijon qishloq xo‘jalik institutlarining professor-o‘qituvchilari va boshqa xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalari vakillari ishtirokida seminar o‘z ishini boshladi.

Seminar dasturida har bir ishtirokchi davlatlarda olib borilayotgan islohotlar va uning amaliy natijalari haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasining 5 ta yo‘nalishi doirasida agrar soha islohotlari, oliy ta'lim sohasi istiqbollari tinglovchilarga tarqatma material ko‘rinishda yetkazildi. Ushbu qabul qilingan qarorlar Vaynshtefan universiteti rahbarlarida katta qiziqish uyg‘otganini alohida ta'kidlab o‘tish lozim.

Bundan tashqari mamlakatlar o‘rtasida Agrar menejment magistratura mutaxassisligi bo‘yicha hamkorlikda o‘qitish tizimini joriy qilish orqali ikki tomonlama diplom berish va buning uchun hamkor universitetlarda amaldagi o‘quv reja va dasturlarni o‘zaro moslashtirish masalalari muhokama qilindi.

Vaynshtefan Amaliy bilimlar universiteti qishloq xo‘jaligining turli sohalari, oziq-ovqat xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida 19 ta bakalavr yo‘nalishi, 13 ta maxsus ta'lim, 12 magistratura, shu jumladan 4 ta xalqaro yo‘nalishdagi ta'limni o‘z ichiga olgan.

Universitetdagi ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida jami 6400 talabaga 146 ta professor, 323 ta o‘rindosh maxsus mutaxassis-o‘qituvchilar va 110 nafar assistent- tadqiqotchi va maxsus ma'ruzachilar faoliyat yuritadi. Universitet 80 ta xorijiy ta'lim muassasalari bilan aloqa o‘rnatgan bo‘lib, 350 nafar xorijiy talabalar tahsil  olmoqda.

Hozirgi kunda universitet professor-o‘qituvchilari YeIning 5 ta,  federal hukumat va Bavariya shahri ko‘magidagi 50 ta va tashqi homiylarning 60 dan ortiq loyihalari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Universitetning, ilmiy-amaliy xo‘jaliklari va laboratoriyalari moddiy-texnik bazasini mamlakatdagi barcha agrar soha vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan so‘nggi texnika va texnologiyalar bilan qurollantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilganligi, universitet moddiy-texnik bazasini o‘z vaqtida yangi vositalar bilan ishlab chiqaruvchilar tomonidan ta'minlashni rag‘batlantirish mexanizmi borligi qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Seminarda o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etgan barcha professor-o‘qituvchilarning ishlab chiqarish amaliyotida agrar soha vakillari faoliyatini optimallashtirish va iqtisodiy samaradorlikka erishish yo‘llari borasidagi loyiha va ishlanmalari fermerlar tomonidan ishlab chiqarishga joriy qilinayotganligi bilan birga magistratura mutaxassisligiga qabul qilishda bakalavrda olgan bilim ko‘nikmalarini fermer xo‘jaligida amaliyotda o‘tgandan so‘ng xo‘jalik rahbarining bergan reyting bahosi alohida ahamiyatga ega.

Seminar yakunida universitet prezidenti professor Markus Reynke YeI bilan O‘zbekiston Respublikasini hamkorlik strategiyasi borasida imzolangan kelishuvlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tib, ushbu seminar hamkorlikdagi ishlarning debochasi ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, universitetlar o‘rtasida ikki tomonlama diplom berish va fermerlarni o‘qitish borasidagi tajriba almashishga doimo tayyor ekanligini mamnuniyat bilan izhor etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan so‘nggi farmon va qarorlar ijrosi mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi vazifalarni aniq belgilab bergani soha vakillarini xorijiy xamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirishga chorlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: