Toshkent xalqaro aeroportida tilla quymalarni olib chiqishga uringan shaxslar fosh qilindi

Jamiyat 13:59 / 25.07.2017 21933

O‘zbekistan Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me'yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metalldan tayyorlangan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Shunga qaramay, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Istanbuldan uchib kelgan fuqaro X.Burxonova mazkur tartiblarni buzishga urindi. «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ushbu shaxs bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning qing‘ir qilmishi fosh etildi.

X.Burxonova yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra salkam 73 mln. so‘mni tashkil qiluvchi 364 gr. og‘irlikdagi tilla taqinchoklarni bagajiga yashirgan holda olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

“Istanbul-Toshkent” reysining yana bir yo‘lovchisi N.Xalimova ham xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan qiymati 10 mln. so‘mdan ortik 104 gr. og‘irlikdagi tilladan ishlangan zargarlik buyumlarini cho‘ntagiga yashirgancha olib kirmokchi bo‘lganligi fosh bo‘ldi.

Ma'lumki, respublikadan tilla va zargarlik buyumlarini eksport qilish faqatgina Vazirlar Mahkamasi ko‘rsatmasiga asosan Tashqi savdo vazirligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolar Sh.Artikov hamda Yo.Abdurahmonovalar mazkur tartiblarga rioya qilmasdan yirik miqdordagi tilla quymalarni O‘zbekiston sarhadlari orqali noqonuniy olib chiqishga urinishdi.

“Toshkent-Dehli” reysi bo‘yicha parvoz oldidan ushbu shaxslarning bezovtalanishi bojxonachilarda bejizga shubha uyg‘otmagan ekan. Odatdagidek, ularga tegishli bagajlar nazorat-rentgen apparatidan o‘tkazilganda, monitordagi tasvirlarning shubhali tus olishi bojxonachilarni chamadonlarni sinchiklab tekshirishga undadi. Amaldagi tartiblarga muvofiq va xolislar ishtirokida bagajlar ko‘zdan kechirilganda, ularning tarkibiy qismlari o‘rniga mohirlik bilan quyma tillalar o‘rnatilganligi fosh bo‘ldi.

Shu tariqa, Sh.Artikovga tegishli bagajda 485 gr. og‘irlikdagi 14 ta hamda Yo.Abduraxmonovaning bagajida 607 gr. og‘irlikdagi 16 ta quyma tillalarning yashirin ravishda olib chiqilishi oldi olindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu tillalarning taxminiy narxi salkam 100 mln. so‘mni tashkil qilar ekan.

Dehliga otlangan fukarolar O.Mirzayeva va G.Mirzayeva ham ichki kiyimlari orasiga bekitgancha tilla quymalarni yashirin ravishda olib chiqayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Shaxsiy ko‘rik davomida ma'lum bo‘lishicha, G.Mirzayeva qiymati salkam 18 mln. so‘mlik 197 gr og‘irlikdagi va uning hamrohi O.Mirzayeva salkam 14 mln. so‘mlik 152 gr. og‘irlikdagi tillani quyma bo‘laklar shaklida olib chiqib ketishga urinishgan ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmokda.

Ta'kidlash joizki, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan hukukni muhofaza qiluvchi boshka idoralar vakillari bilan hamkorlikda 2017 yilning birinchi yarmi davomida aniqlangan 53 ta bojxona koidabuzarliklari natijasida qiymati salkam 658 mln. so‘mlik 10 kg. 600 gr.dan ortiq og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: