OAV: AQSh sudi 1,4 mingdan ortiq iroqlikni deportatsiya qilishni taqiqladi

Jahon 09:24 / 25.07.2017 2640

Michigan shtati Sharqiy okrugi sudi Iroqning AQShda istiqomat qilayotgan 1,4 mingdan ortiq fuqarosini deportatsiya qilinishiga muddatsiz taqiq qo‘ydi. Amerika hukumati ularni mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalashtirayotgan edi. Sudya Mark Goldsmit ushbu ishni o‘rganib chiqib, shunday qaror chiqardi, deb yozmoqda The Detroit News.

Iroqliklar AQShga qonuniy asosda kelishgan. Biroq, keyinchalik Amerika huquqni muhofaza qiluvchi organlarining aniqlashicha, ushbu muhojirlar vatanlarida qonunbuzarliklarni sodir etishgan va sudlanganlardir. Natijada, hukumat bu fuqarolar Amerika jamiyati uchun xavf soladi, degan xulosaga kelgan. Ular muhojirlarni ushlab, ishni immigratsiya sudlarida muhokama qilmasdanoq mamlakatdan deportatsiya qilishni rejalashtirgan. 

Umumiy hisobda 1,4 mingdan ortiq iroqlik hibs etilishi kutilayotgan edi. Hozirda, ularning 230 ga yaqini ushlangan. Iroqliklarning advokatlari AQSh hukumati qarori ustidan Michigan sudiga murojaat qilishgan. Ular o‘z qarashlarini izhor qilishar ekan, iroqliklar vatanlariga qaytgudek bo‘lsa, u yerda ularga adolatsiz sud va hatto o‘lim, qasos olish kabilar tahdid solishi mumkinligini aytishgan. 

Goldsmit advokatlarning fikriga qo‘shilgan. Bundan avval u iroqliklarni deportatsiya qilishga vaqtinchalik taqiqni joriy qilgan edi. Endilikda bu taqiqni muddatsizga almashtirdi. "Murojaatda ism-shariflari yozilganlarning har biriga,ular Amerikada yashaganlari uchun zo‘ravonliklar va o‘lim xavf soladi. Ularning ayrimlari ma'lum bir din a'zosi bo‘lgani uchun ta'qib qilinishi ham mumkin", - degan sudya.

Shunday qilib, sud qaroriga ko‘ra, iroqliklarning ishini immigratsiya sudi ko‘rib chiqishi va deportatsiya qonunga qanchalik mos kelishini aniqlashi kerak. 

Ko‘proq yangiliklar: