Qashqadaryoda o‘z qo‘shnisini urib o‘ldirgan 17 yoshli yigit 6 yilga qamaldi

Jamiyat 20:20 / 25.07.2017 11505

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tumani sudi tomonidan voyaga yetmagan Abrorjon Soliyevga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Endigina 17 bahorni qarshi olgan yigit umrining olti yilini panjara ortida o‘tkazishgan mahkum etildi. Tengdoshlari hayotda o‘z o‘rnini topib ketayotgan bir paytda u jinoyatchi degan nom orttirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Qo‘shni ayolning qisqirig‘i Mohira opani sergaklantirdi. Gulzoraning eri yanada ichibdi-da! Qizlari ulg‘ayib qoldi, esini yig‘ib olsa bo‘lmasmikin-a, har kuni mast bo‘lib tomosha ko‘rsatmasdan? Qancha maslahat qilindi. Bir necha bor er-xotinni yarashtirib ham qo‘yishdi. Ahvol o‘zgarmadi. Shokir o‘zgarish o‘rniga battar odamgarchilikdan chiqdi. Haliyam bechora Gulzoraning joni toshdan ekan. Shuncha ur-kaltaklarga chidab kelayapti. Mohira opa o‘ziga-o‘zi gapirganicha, yumushlarida davom etdi. Qo‘shnisining qizlari kelib, yordam so‘ramaganida, aslo ularning mojarosiga aralashmagan bo‘lardi. Mohira opa ariqdagi suvga qo‘lini yuvib, qo‘shnisining uyiga bordi. Bu paytda Shokir telbalardek baqirib, hovli bo‘ylab xotinini quvib yurardi. Janjalni bir o‘zi bostira olmasligiga ko‘zi yetib, Mohira opa odamlarni yordamga chaqirish uchun ko‘chaga oshiqdi...

Feruza opa daladan qaytgan qo‘ylarini qo‘raga qamayotgan o‘g‘li Abrorjonga opasining uyidagi elektr simlarini tuzatib berishni aytdi. Yigitcha kun bo‘yi qo‘ylarning ketidan yuraverib charchagan bo‘lsa-da, onasining gapi bilan yo‘lga tushdi. 

-  Bu yoqqa qarang! – Abrorjon ko‘chada hayajon va betoqatlik bilan chaqirgan qo‘shnisi Mohira opaga nima gap degandek qaradi. – Anavi Shokir yana mast bo‘lib, uyida to‘polon ko‘tarayapti. Ajratmasak, xotinini o‘ldirib qo‘yadigan shashti bor. Iltimos, yordam berib yuboring.

Abrorjon mahalladoshi Shokir akaning fe'lini yaxshi bilardi. Ichib olgach, uning to‘polon ko‘tarishi, ayolini ayovsiz kaltaklashidan xabardor edi. Shu bois, Mohira opaga ergashib, janjal bo‘layotgan uyga bordi. Shokir hamon tinchlanmaganligini, Gulzoraning yoqasidan tutib, siltab turganligini ko‘rishdi. Yigitcha yosh bo‘lsa-da, Shokirning yoniga yaqinlashib, janjalni bas qilishni so‘radi.

-  Sen aralashma! – dedi Shokir. – Bu oilaviy masala, ertaga boshingga tushsa, bilasan!

O‘n sakkiz yosh ostonasidagi yigitcha uchun bu chindan ham tushunarsiz hol edi. Er-xotinning janjali nima sababdan boshlanadi-yu, qanday tugaydi, bunisi unga qorong‘i edi. Shu sababli Abrorjon ortiqcha gap qilmay, “unda o‘zingiz bilasiz” degancha ortiga qayrildi. Shu vaqt Shokir xotinini kuch bilan itarib yuborgan edi, Gulzora boshi bilan devorga urildi. Ayol yigitga iltijoli termulib, yordam so‘radi. Abrorjon bu vaziyatni ko‘ra turib, befarq keta olmadi. Ilojsiz qolgan ayolga yordam qo‘lini cho‘zishni istadi. Ortiga qaytib, yana Shokirga xotinini urishni bas qilishini aytdi. Mastlik ta'sirida oyoqda zo‘rg‘a turgan qo‘shnisi unga bir nimalarni tushuntira boshladi. Gulzora bundan foydalanib, ko‘chaga otildi. Shokir so‘kinganicha xotinining ortidan quvib ketdi.

Abrorjon er-xotin opasining uyi tomonga ketganligini ko‘rib, o‘sha tomonga yurdi. Yetib borganda Shokir xotinini urib, hushidan ketkazganligining guvohi bo‘ldi. Mohira opa va boshqa qo‘shni ayollar Gulzoraning yuziga suv sepib, uni o‘ziga keltirishdi. Shu payt qayerdandir kelib qolgan Shokir yana xotinining qo‘lidan tortib, uyiga sudray boshladi. Ayollar esa Shokirga qarshilik ko‘rsatib, Gulzorani Mohira opaning uyiga kiritib yuborishdi.

Abrorjon opasining ishini tugatib, aylanma yo‘l bilan uyiga kelganida onasi yo‘q edi. Opamnikiga ketgan bo‘lsa kerak, degan o‘y bilan yana opasining uyiga bordi. U yerda onasi Gulzora bilan gaplashib turganini ko‘rdi. Shu vaqt jabrdiyda ayolning qizlari kelib, otasi chaqirayotganini aytishdi. Gulzora uyga bormasligini aytib, qizlarini qaytarib yubordi. Albatta, buni tushunsa bo‘lardi. Ayol har doim takrorlanadigan to‘polon va xo‘rliklardan bezgan edi. Ammo bormasa, boshqalarni ham behalovat qilishini yaxshi bilardi. Ham qo‘rquv, ham noilojlik yuragini iskanjaga olardi. Feruza opa ayolning iztiroblarini his qilib, u bilan birga ko‘chaga chiqdi. Mabodo Shokir yana to‘polon ko‘tarsa, bechora ayolni o‘z uyida olib qolish niyati ham yo‘q emasdi.

Abrorjon onasi ortidan borarkan, yo‘l o‘rtasida kenja bolasini ko‘tarib turgan Shokirga ko‘zi tushdi. Shokir jahl bilan bolani xotiniga berdi-da, uni qo‘lidan tortib, uyiga olib ketmoqchi bo‘ldi. Gulzora uyga bormasligini, borsa urishini aytib, qarshilik ko‘rsatdi. G‘azabnok er bu gapdan so‘ng bolani xotinidan qaytarib olmoqchi bo‘ldi. Biroq muvozanatini saqlay olmay, ariqqa yiqildi. Qo‘rqib ketgan bola chinqirib yig‘lay boshladi. Shokir g‘udranganicha o‘rnidan turishga harakat qilib, og‘ziga kelganini qaytarmay so‘kina boshladi.

Feruza opa Gulzora uyiga bormasa, eri tinchlanmasligini tushunib, uni uyiga qaytishga ko‘ndirdi. Barchasi shu biln yakun topishi ham mumkin edi. Biroq, unday bo‘lmadi.

Shokir amallab o‘rnidan turgach, xayolida Feruza opa xotinini unga qarshi qayrayotgandek tuyuldi. Shu ayol bo‘lmasa, Gulzora allaqachon uyga qaytardi, degan fikrga bordi va uning ta'zirini berib qo‘ymoqchi bo‘ldi. “Nimaga birovlarning ishiga aralashasan?!”, deya Feruza opaga tashlandi. So‘kinganicha ko‘ksiga urib, itarib yubordi. Feruza opa yerga yiqildi. Badmast qo‘shnisining qiliqlariga sabr qilib turgan Abrorjon bunisini qabul qila olmadi. Ayniqsa, ko‘z oldida onasining haqoratlanishi jon-jonidan o‘tib ketdi, ko‘ngli g‘azab va nafratga to‘ldi. Qayerdandir qo‘liga ilingan tayoqni olib, Shokirning avval beliga, keyin boshiga zarb bilan urdi. Shokir yerga cho‘kkaladi. Abrorjon qo‘shnisining chakkasidan qon oqayotganini ko‘rib, qo‘lidagi tayoqni tashladi, qo‘rquvdan taxtadek qotib qoldi. Feruza opa o‘g‘li va Gulzorani bolalari bilan uyiga olib ketdi.

Uyiga qaytayotgan Temur aka ko‘cha o‘rtasida tipirchilab yotgan odamni ko‘rib, unga yaqinlashdi. Kechki mahal, atrof qorong‘ilik bilan qoplanib kelayotgani bois cho‘ntagidagi fonarni olib, uning yuziga tutdi. Boshidan qon oqib turgan kimsa Shokir ekanligini bilgach, tezda mahalla raisiga qo‘ng‘iroq qildi. Rais esa “mahalla posboniga ayting”, deya gapni qisqa qildi. Temur aka odamlarni yordamga chaqirguncha oradan biroz vaqt o‘tdi. Shokirni shifoxonaga olib borishdi. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan u shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

Qiziq, spirtli ichimlik ichib olib, ayolini xo‘rlab, azoblab kelgan marhumga achinish kerakmi yoki yaxshilik qilaman, deb kutilmaganda qotilga aylangan o‘spiringami? Albatta, Abrorjonning ko‘nglida g‘araz niyati yo‘q edi. Bir jabrdiydaga yaxshilik qilmoqchi bo‘ldi, biroq kutilmagan holat ro‘y berdi, oqibati fojia bilan yakun topdi. Ammo birgina jahl uning barcha harakatlarini chippakka chiqardi. Jinoyatga yetakladi. Qolaversa, mahalla mas'ullari va faollarining bu hodisaga e'tiborsizligi ham mazkur fojiani keltirib chiqardi. Agarda ular o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib, notinch oila ahvolini vaqtida o‘rganishganida, tegishli choralar ko‘rishganida edi, bir navqiron yigit umrining oltin onlari panjara ortida o‘tmagan bo‘lar edi.

Ko‘proq yangiliklar: