Tadbirkorlar Iqtisodiyot vazirligiga bir haftada 80 dan ortiq taklif bildirishdi

Iqtisodiyot 12:57 / 24.07.2017 5457

Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi o‘zining rasmiy veb-sayti, ommabop ijtimoiy tarmoqlar hamda boshqa internet-nashrlarga joylashtirilgan maxsus so‘rov shakli orqali tadbirkorlarning o‘z faoliyatidagi muammoli masalalarni yechishga hamda O‘zbekiston hududlarida ishbilarmonlik muhiti holatini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Bir haftadan kam bo‘lgan muddat ichida tadbirkorlardan qonunchilikdagi nomutanosibliklar hamda tadbirkorlikning rivojlanish yo‘lidagi tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 80 dan ortiq takliflar kelib tushdi. Mazkur holat ularning aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishda faol hamda konstruktiv munosabatda ekanligidan dalolat beradi.

Kelib tushgan takliflarning ko‘pchiligi, eng avvalo, bank sohasidagi muammolarni yechishga qaratilgan. Tadbirkorlar bank operatsiyalari bo‘yicha vositachilik haqi miqdorining yuqoriligini ko‘rsatishmoqda. Masalan, xorazmlik tadbirkor tomonidan kredit olishda taqdim etilgan hujjatlarni kredit komissiyasi ko‘rib chiqishi uchun qo‘shimcha haq olinishi, shuningdek garov ta'minotini sug‘urtalash hamda uni baholash, kredit hujjatlarini notarial tasdiqlash va boshqa jarayonlar uchun ketgan xarajatlarni tadbirkorlar tomonidan qoplanishi lozimligi qayd etilgan. 

Shu bilan bir qatorda, tijorat banklariga moliyaviy ko‘mak so‘rab murojaat qilayotgan tadbirkorlarga jiddiy moliyaviy yuk bo‘layotgan sabablar qatorida tijorat banklari tomonidan mablag‘larni konvertatsiya qilish, akkreditivlarni ochish, konvertatsiya qilingan mablag‘larni chet ellik hamkorlarning hisob raqamlariga o‘tkazish va boshqa xizmatlar uchun abonent to‘lovlari hamda boshqa vositachilik foizlari o‘rnatilganligi sanab o‘tilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar biznes faoliyatini yuritish uchun arzon moliyaviy resurslar yetishmayotganligini qayd etib, tijorat banklari bilan raqobatlasha oladigan moliyaviy institutlarning mavjud emasligini ko‘rsatishmoqda. Mazkur holatni bartaraf etish uchun respondentlar tijorat banklariga haqiqiy raqobatchiga aylanuvchi kredit uyushmalarining faoliyatlarini tiklashni taklif etmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida, kreditdan foydalanish uchun foiz stavkalarini kamayishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, so‘rov qatnashchilarining mulohazalariga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ular tavsiya etgan baholovchi tashkilotning baholash to‘g‘risidagi hisobotini talab qilmasdan yoki baholangan garov ta'minotining qiymatini o‘zlarining xohishiga ko‘ra kamaytirmasdan mustaqil baholovchi tashkilotlarning baholash to‘g‘risidagi hisobotlarini banklar tomonidan so‘zsiz qabul qilinishiga erishish lozim.

Kichik biznes sub'yektlari vakillarining ko‘pchiligi iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga (IFUT) o‘tish natijasida vujudga kelgan muammolarni qayd etishmoqda. Statistika, soliq va moliyaviy hisobotlar uchun IFUTning joriy qilinishi natijasida, XXTUT bo‘yicha avval kichik biznes sub'yektlari hisoblangan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlaridagi korxonalar yirik korxonalar toifasiga o‘tkazilgan edilar. Natijada, ularning ko‘pchiligi hozirgi vaqtda umumbelgilangan soliq rejimiga o‘tib qolishlari hamda soliq yukining birdaniga oshib ketishi sababli yangi sharoitlarga asta-sekin moslashuv bosqichlarini bosib o‘tmasdan yirik korxonalar bilan raqobatlashish imkoniyatiga ega emaslar. Yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib, kichik biznes vakillari kichik korxonalar xodimlarining cheklangan soni bo‘yicha belgilangan talablarni tuzatish yoki muqobil variant sifatida ham davlat, ham xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni qanoatlantiruvchi oqilona soliq stavkalarini belgilagan holda ularga o‘rta biznes maqomini berishni taklif etishmoqda.

So‘rov qatnashchilarining ayrim izohlarida tadbirkorlik sub'yektlari uchun soliq yukining hanuz yuqoriligicha qolayotganligi ta'kidlanmoqda. Xususan, tadbirkor Sh. Niyazmetov tomonidan tadbirkorlar ish haqining “konvert”larda to‘lash holatiga barham berish uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 10 foizga tushirish taklif etilmoqda, so‘rov qatnashchisi A. Atajanov esa xodimlarning cheklangan soni 10 kishigacha bo‘lgan mikrofirmalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 5 foizdan 3 foizgacha pasaytirishni taklif etmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlar korxonalarga qayta ishlash va ishlab chiqarish faoliyatida xomashyo sifatida foydalanish uchun aholidan sut, go‘sht, tuxum, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa shu kabi oddiy xomashyo resurslarini naqd pulli hisob-kitoblarga xarid qilishdagi mavjud qiyinchiliklarni ko‘rsatib o‘tishmoqda. Ularning fikricha, korxonalarga aholidan naqd pulga xomashyo va mahsulotlarni xarid qilishga ruxsat berish ularning norasmiy to‘lovlarini kamaytirish va shu orqali mahsulotlar narxlarining shakllanishi va ularning tovar bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan korxonalarning xarajatlarini maqbullashtirish imkonini beradi.

Tegishli chora-tadbirlar qabul qilish maqsadida vakolatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko‘rib chiqish uchun so‘rovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha kelib tushayotgan barcha takliflar, shuningdek ularning tadbirkorlik rivoji uchun kutilajak ta'siri vazirlikning tegishli bo‘linmalari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilmoqda.

Iqtisodiyot vazirligi mazkur so‘rovning barcha ishtirokchilariga muhokamalarda faol qatnashayotganlari uchun katta minnatdorchilik bildiradi hamda mamlakatda yanada qulay biznes muhitini yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha barcha takliflarni ko‘rib chiqshga tayyor ekanligini ma'lum qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: