Davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiya holatlarining oldi olinadi

O‘zbekiston 22:56 / 24.07.2017 14583

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga sharh e'lon qilindi

Boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish jarayonida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni qo‘llashga asoslangan innovatsion yondashuvlarni joriy etish bugungi kunda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish va davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ushbu sohaga oid normativ-huquqiy bazani shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.

Xususan, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish doirasida 2013 yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirildi.

Ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasini kengaytirish maqsadida Yagona portal davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot tizimlari hamda resurslariga integratsiya qilindi. Buning natijasida hozirgi paytda portal tomonidan 300 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarning samarali bajarilishiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga g‘ov bo‘layotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator kamchiliklar mavjudligini, xususan:

  • davlat ahamiyatiga molik loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni ta'minlovchi loyiha boshqaruvining yagona tizimi mavjud emasligini;
  • loyihalarni amalga oshirish sur'ati va samaradorligini tezkor kuzatish imkonini beruvchi ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqaruv jarayoniga yetarlicha joriy etilmaganligini;
  • davlat va hududiy dasturlarni, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik darajasining pastligi mazkur sohada moliyaviy mablag‘lar maqsadsiz va samarasiz sarflanishi, shuningdek turli xil suiiste'molchilik holatlarini keltirib chiqarayotganligini;
  • davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari shaffofligini ta'minlovchi, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlarining ma'lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan yagona axborot maydonining mavjud emasligini;
  • amalga oshirilayotgan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asoslantirilganligi va rentabelligini tahlil qilish hamda baholash, shuningdek ularning qiymatini oshirib ko‘rsatish va boshqa suiiste'molchiliklar alomatlarini aniqlash bo‘yicha ishlar samaradorligining pastligini;
  • tovarlar, ishlar va xizmatlarning haqiqiy bozor qiymatini aniqlash imkonini beradigan yagona klassifikator ishlab chiqilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Yuqorida keltirilgan holatlar davlat boshqaruvi tizimi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh qilish sharoitida resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlovchi, loyiha boshqaruvi prinsiplariga asoslangan qarorlar qabul qilish mexanizmlarini ishlab chiqish va nazorat qilishning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etishni talab qiladi.

Shu munosabat bilan, qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan davlat dasturlari amalga oshirilishini, moliyaviy mablag‘lar sarflanishini boshqarish mexanizmlarining samaradorligi va shaffofligini yanada oshirish, shuningdek 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi yaratilmoqda. Mazkur tizim:

  • har bir resursning (tovarlar, ishlar va xizmatlarning) haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma'lumotnomasini joriy etishni;
  • uch o‘lchamli loyihalash texnologiyasidan foydalangan holda resurslar hisobini yuritish, loyiha bo‘yicha qabul qilingan qaror samaradorligini baholash, resurslar miqdori va turlari to‘g‘ri belgilanganligini aniqlashni;
  • loyihaoldi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tegishli jarayonlardan o‘tkazish, ijro intizomiga rioya etish, ish yurituvi, hisobotlar tuzish ustidan elektron nazorat o‘rnatishni;
  • davlat xaridlarining shaffofligini va suiiste'molchiliklarning oldini olishni ta'minlaydigan yagona avtomatlashtirilgan tizim tashkil etishni;
  • ishlar bajarilishi va dasturlar ijrosining haqiqiy holatini aks ettiruvchi kalendar-tarmoq rejalashtirishni joriy etishni, shuningdek xabardor qilish tizimiga ega reja va jadvallarni shakllantirishni;
  • boshqaruv qarorlari qabul qilishning nazorat-tahliliy ta'minotini nazarda tutadi.

Shuningdek, Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bevosita rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tashkil etildi va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini yaratish, joriy etish va ekspluatatsiya qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishining samaradorligi va shaffofligini oshirish;
  • resurslarning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma'lumotnomasini yuritish;
  • davlat xaridlarini amalga oshirish uchun yagona axborot maydonini yaratish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga ko‘maklashishni ta'minlash, norentabelli va samaradorligi past loyihalarni aniqlash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish konsepsiyalari ishlab chiqilishi va har tomonlama tahlil qilinishini ta'minlash;
  • loyihalarni, shu jumladan amalga oshirilayotgan loyihalarni korrupsiya va boshqa suiiste'molchiliklar alomatlari mavjudligi yuzasidan kompleks texnik-iqtisodiy tahlil qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi ishlashini ta'minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarda joriy etish;
  • loyiha boshqaruvi sohasida kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish o‘ta muhimligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Farmon talablarining so‘zsiz ijro etilishi ustidan qat'iy nazoratni ta'minlash yuklatildi.

Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirishga, byudjyet mablag‘laridan oqilona foydalanishni ta'minlashga, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiya holatlarining oldini olishga, shuningdek ijro intizomini mustahkamlashga, buning natijasida, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish va xalqning farovonlik darajasini yuksaltirish borasida ko‘zda tutilgan islohotlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi.

Ko‘proq yangiliklar: