«Chelsi» o‘z futbolchisi tufayli Xitoy xalqidan uzr so‘radi (foto)

Sport 13:32 / 24.07.2017 16280

«Chelsi» jamoasining rasmiy saytida jamoa yarim himoyachisi Robert Kenedining haqoratomuz posti tufayli Xitoy xalqidan uzr so‘radi.

OAVdagi ma'lumotlarga ko‘ra, 21 yoshli futbolchi «Arsenal»ga qarshi Pekinda bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida hushtakbozlikka uchragandi.

Bunga u «Instagram»dagi sahifasida ish joyida uxlab qolgan xitoylik qo‘riqchi ustidan kulib, xitoyliklarning hamiyatiga tekkani sabab bo‘lgan.

«Chelsi» futbol klubi Xitoy xalqidan futbolchining ijtimoiy tarmoqdagi haqoratomuz posti uchun uzr so‘raydi. 22 iyul kuni klub xitoylik muxlislar tomonidan iliq va do‘stona qarshi olindi. Ammo biz yosh futbolchilarimizdan biri Kenedining ijtimoiy tarmoqdagi postidan hayronmiz, u bu ishi orqali xitoyliklarning tuyg‘ularini haqoratlagan.

Futbolchimiz bu postini tezda o‘chirgan va uzr so‘ragan bo‘lsada, afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda bu hodisa keng tarqalib ketdi. «Chelsi» bu holat uchun uzr so‘raydi. Kenedining harakati xato edi, uning harakati butun jamoa futbolchilari yoki klubning pozitsiyasini bildirmaydi. Kenediga qat'iy tanbeh berildi», — deyilgan londonliklar klubi rasmiy saytidagi ingliz va xitoy tillarida keltirilgan murojaatda.

Kenedining o‘zi ham rasman uzr so‘ragan.

«Men o‘zini haqoratlangan sezgan xitoylik kishilardan uzr so‘ramoqchiman.Men kimnidir kamsitish yoki xafa qilish niyatida bo‘lmaganman, ammo endi ko‘rmoqdamanki, bu hazil boshqacha tushunildi. Aytishni istardimki, xitoyliklar va bu mamlakatni chuqur hurmat qilaman.

Men shuningdek, «Chelsi»dan va jamoadoshlarimdan ularni noqulay ahvolda qoldirganim uchun uzr so‘rayman», — deya yozgan Kenedi o‘z «Instagram»ida.

Ko‘proq yangiliklar: