Atamboyev: AQSh harbiy bazasi bo‘lgani uchun Qirg‘izistonga raketa zarbalari bilan tahdid qilishgan

Jahon 11:45 / 24.07.2017 21955

Qirg‘izistonda AQSh harbiy-havo kuchlari bazasining joylashtirilishi o‘z vaqtida respublika xavfsizligiga jiddiy xavf solgan. Bu haqda Cho‘lpon Ota shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida prezident Almazbek Atamboyev bayonot berdi, deb xabar qilmoqda TASS. 

"Yashirib o‘tirmayman, ayrim mamlakatlar zarur bo‘lib qolsa bizning hududimizda joylashgan Amerika aviabazasiga raketa zarbasi berishlarini aytib, ogohlantirishgan", - degan Qirg‘iz davlati rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat 2014 yilgacha, ya'ni Amerika harbiy bazasi Qirg‘izistonni tark etmaguncha davom etgan. "Fuqarolarimiz bungacha jiddiy tahdid ostida edi", - deya izoh bergan Atamboyev.

Davlat rahbarining davom etishicha, xususan, ayni shu sababli ham Qirg‘iziston Amerika aviabazasini yopishga qaror qildi. Mazkur aviabaza 2001 yilda NATOning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilib, Bishkek aeroportida faoliyat yuritgan. 

Atamboyevning aniqlik kiritishicha, Rossiya bilan ham uning aviabazasini Qirg‘iziston hududida joylashtirish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Biroq, RF bilan yangi kelishuvda ushbu davlat harbiylarining respublikada bo‘lish muddati "74 yildan 15 yilga qisqartirilgan".

Ko‘proq yangiliklar: