Atambayev Asqar Akayev va Bakiyevni hech qachon kechira olmaydi. U o‘z so‘zlarini izohladi

Jahon 15:00 / 24.07.2017 40886

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev sobiq prezident Asqar Akayevni hech qachon kechira olmasligini ma'lum qildi. U jurnalistlar bilan suhbatda shu haqda aytib o‘tgan.

An'anaviy matbuot anjumanida Almazbek Atambayevga sobiq davlat rahbarlarini kechirishni taklif qilishgan. Ammo davlat rahbari qancha yil o‘tsada, kechirib bo‘lmaydigan kishilar bo‘lishini aytib o‘tgan.

«Sobiq prezident Asqar Akayevni kechirishimni so‘rashadi. Ammo bunday odamlarni qanday qilib kechirish mumkin?! Bizda 100 tonna oltin bor edi, bu pullarga filmlarni moliyalashtirishimiz, madaniyat va san'atni taraqqiy ettirishimiz mumkin edi. Bizda neft yo‘q edi, gaz yo‘q edi, lekin oltinlar bor edi. U esa bu oltinlarni yeb to‘ymas qarindoshlariga topshirdi. Xalq och qolganida qanday qilib bunday qilish mumkin? Biz «Kumtor»ning 67 foiziga ega edik, endi faqat 16 foizlik ulush qoldi. Shaxsan men Akayevni hech qachon kechirmayman», — degan u .

Almazbek Atambayev sobiq rahbarlarning boshqa ishlarini ham eslagan. Xususan, gap Akayev va Bakiyev Jyeruy oltin konlarini (Talos vodiysi, Qirg‘iziston shimolida) boyliklarini sotishga bo‘lgan harakati haqida ketgan.

«Ikki marta litsenziyani 300 somdan sotishgan. Bakiyevlar keyinchalik buning uchun Berezovskiyning odamlaridan yaxshigina pul olishgan. Biz esa yakunda 100 million dollarga sotdik. Bunday kishilarni qanday kechirish mumkin? Bu pullar xalq uchun kerak edi. Qanday qilib bunday yaramas kishilarni kechirish mumkin? Hech qachon kechirmayman ularni! Balki mendan keyin keladigan kimdir kechirar, men kechirmayman», — degan Almazbek Atambayev.

U, shuningdek, parlament Asqar Akayev va Kurmanbek Bakiyev davrida «Kumtor» ishiga aloqador bo‘lganlarni mamlakatga qaytarib kelishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qo‘llamaganini eslatib o‘tgan.

«Qonun loyihasiga ko‘ra, ular qaytib, o‘zlarini bu kelishuvlarni imzolashga kimlar majburlaganini aytib berishi va tinchgina ishlashda davom etishi mumkin edi. Bular yosh va aqlli yigitlar edi, ularning taqdiri Akayev va Bakiyev tufayli o‘zgarib ketdi. Parlament esa bu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamadi. Ular o‘z imkoniyatlaridan foydalanishdi. Bilmayman, parlamentda toza odam bormi o‘zi?…» — deya xafalik bilan davom etgan prezident.

Prezident Bakiyevning kichik ukasi Janish Bakiyev haqida gapirgan.

«Janish Bakiyevni amnistiya qilish kerakmi? Bizda uni ushlab, jazosini beradigan MOSSAD darajasidagi razvedka xizmati yo‘qligi taassuflidir. U 7 aprelga qadar va undan keyin ham qanchadan-qancha odamlarni o‘ldirdi, qiynadi, yuz millionlab mablag‘larni o‘g‘irladi!», degan Atambayev.

U shuningdek, Qirg‘izistonda Maksim Bakiyevni jazolash uchun imkon bo‘lgani haqida gapirgan. 

«Men barcha sirlarni oshkor eta olmayman. Ammo o‘ylaymanki, biz masalaga yechim topamiz. Menimcha u (M.Bakiyev) o‘sha yerda ham (Buyuk Britaniyada) jazolanishga munosib, uning jinoyatlari juda ulkan», degan Atambayev.

Qirg‘izistonning sobiq prezidentlari Akayev va Bakiyev mamlakatda ro‘y bergan ikki inqilob, 2005 yil martida va 2010 yil aprelida ro‘y bergan voqealardan keyin mamlakatdan chiqib ketgan. Akayev ayni vaqtda oilasi bilan Moskvada istiqomat qilmoqda, Bakiyev - Minskda. Belarus bir necha marta Bishkekning sobiq prezident va uning qarindoshlarini topshirish bo‘yicha so‘rovlarini rad etgan, bu shaxslar Qirg‘izistonda og‘ir jinoyatlarda ayblangan va ularga sirtdan umrbod qamoq hukmi chiqarilgan. Bakiyevning kichik o‘g‘li Maksim esa iqtisodiy jinoyatlarda ayblanadi, ammo Buyuk Britaniya Qirg‘izistonning uni topshirish bo‘yicha talablarini rad qilib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: