Payariqdagi oilalarning muammosi hal bo‘ldi - hokimlik va'dasini o‘z muddatida bajardi

O‘zbekiston 19:00 / 23.07.2017 21135

21 iyul kuni saytimizda Samarqand viloyati, Payariq tumani, «Xo‘ja Ismoil» MFYda yashovchi uyi buzilgan fuqarolar duch kelgan ayrim muammolar yuzasidan «Imom Buxoriy majmuasi yaqinida uyi buzilgan oilalar tovon puli olisholmayapti» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Muammo yuzasidan Payariq tuman hokimining o‘rinbosari Shavkat Toshpo‘latovga qo‘ng‘iroq qilganimizda, u haqiqatdan ham haligacha uy egalariga pul berilmagani, pul tuman byudjyeti tomonidan ajratilishini ta'kidlagan edi. Hokim o‘rinbosari tuman byudjyetidan ayni damda shu maqsad uchun mablag‘ ajratilgani, buzilgan uylar 850 million so‘mga baholanganini bildirib, bu borada hozir Respublikaning ruxsati kutib turilgani, 1–2 kunda fuqarolarga mablag‘ ajratilishini aytgan edi.

Ushbu voqea yuzasidan tahririyatimizga murojaat qilgan A.Yo‘ldoshevning qo‘ng‘iroq qilib bildirishicha, tuman hokimi, senator A.Jo‘rayev 22 iyul kuni fuqarolar bilan uchrashgan va ularning tashvishlantirayotgan muammo albatta bugun-erta hal bo‘lishini bildirgan. Payariq tumanidagi mutasaddi rahbarlar bugun oilalarga 850 million so‘mga yaqin tovon pulini to‘liq topshirishgan.

«Qishlog‘imizda bayram bo‘lib ketdi, odamlar sizlardan ham, murojaatimizga «labbay» deb javob bergan mutasaddi rahbarlarimizdan ham xursand, ertadan hamma yangi vatanini qurishga kirishadi», deya o‘z minnatdorchiligini bildiradi A.Yo‘ldoshev.

Ko‘proq yangiliklar: