Tartibni qo‘pol ravishda buzgan farmatsevtlarning yagona reyestri shakllantiriladi

Jamiyat 14:15 / 20.07.2017 6033

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjatda aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi bir qator masalalarga yechim ko‘rsatilgan, deb xabar berdi Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qonun hujjatlari buzilishi, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qo‘pol buzilganligi oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va unga aloqador xodimlarning barcha uchun ochiq bo‘lgan yagona reyestrini shakllantirish belgilandi. 

– Yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilsa, ularning litsenziyasi bekor qilinadi va 3 yil davomida mazkur dorixona mudiri nomiga litsenziya rasmiylashtirilmaydi. Narxni belgilash tartibini buzish deganda dori vositalarini qat'iy belgilangan narxlardan yuqori narxda sotish va belgilanganidan ortiq savdo ustamalarini (15/20 foiz) qo‘yish tushuniladi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Muhabbat Ibragimova. — Shuningdek, endilikda tartib-qoidani qo‘pol ravishda buzgan farmatsevt xodimlar ham yagona reyestrga kiritiladi va ular ham 3 yil davomida dorixonalarda farmatsevt xodim sifatida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etiladi. Ushbu reyestr barcha uchun ochiq bo‘lgani bois, dorixona mudirlari ishga qabul qilishdan oldin bo‘lajak xodim mazkur ro‘yxatda bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rishlari tavsiya qilinadi.

Ushbu reyestrni shakllantirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir oy muddatda amalga oshirilishi belgilangan.  

Dori-darmon ta'minotini yaxshilash yo‘lidagi sa'y-harakatlarni amalga oshirishga, sifatli dori vositalarini aholiga arzon narxlarda yetkazib berishga to‘sqinlik qilayotgan har bir huquqbuzarga chora ko‘rilishi adolatdandir. Zero, inson salomatligi, xalq roziligi hamma narsadan ustun.

Ko‘proq yangiliklar: