Majburiy ijro byurosi davlat nazoratchilari nimaning hisobidan maosh olishadi?

Jamiyat 18:00 / 20.07.2017 55591

Samarqand shahridagi «Matbuot uyi»da Majburiy ijro byurosining viloyat bo‘limi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

«Zarafshon» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari G‘.Hasanov ochib bergan matbuot anjumanida yangi tashkil etilgan davlat idorasi xodimlari ijro intizomi, aholining to‘lov madaniyati va mas'uliyati, shuningdek, viloyatda bu borada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida jurnalistlarning savollariga javob berishlari haqida aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Akmal Imomov viloyatdagi kommunal undiruvlar tahlili mavzusida chiqish qildi va berilgan savollarga javob qaytardi.

«Ayni paytda viloyat boshqarmasi uchun ma'muriy bino ta'mirlanib, foydalanish uchun topshirilishga tayyorlanmoqda. 16 ta tuman-shahar bo‘limlari ham binolar bilan ta'minlangan. Viloyatdagi jami shtat birliklari 862 kishini, jumladan, davlat ijrochilari 129 nafarni, davlat nazoratchilari esa 457 nafarni tashkil etmoqda. Ilgari viloyatda  elektr va gaz pulini yig‘uvchi nazoratchilar 1300 nafardan ortiq kishini tashkil etgani hisobga olinsa, shtatlar deyarli uch barobar qisqartirilib, inson omili kamaytirilib, ish nazorat texnika zimmasiga ko‘proq yuklanadi», — dedi viloyat MIB boshlig‘i o‘rinbosari.

«Yuqorida sanab o‘tilgan 457 kishi prokuratura xodimlari hisoblanmaydi. Garchi ular kerakli forma, texnikalar bilan ta'minlansa-da. Ular bilan har 6 oyda shartnoma imzolanadi. Ular o‘zlariga biriktirilgan hududdagi to‘lovlarni undirish shkalasi, ishlab chiqilgan mexanizmga qarab mehnati baholab boriladi, agarda qaysi hudud nazoratchisi yetarli ball to‘play olmasa, u bilan shartnoma uzaytirilmaydi. Ularga byudjyet hisobidan maosh to‘lanmaydi, to‘lovlar orqali shakllantirilgan jamg‘arma hisobidan oylik olishadi. Ana shunday nazoratchilarning 70–80 foizini hozircha sobiq gaz va elektr energiyasi nazoratchilari hisobidan shakllantirilgan», — deb tushuntirdi A.Imomov.

Ilgari gaz va elektr energiyasi nazoratchilari aholining to‘lovlarini kirim qilmasdan hazm qilib yuborish, so‘ngra JKning 168-moddasi — firibgarlik bo‘yicha sudlanib, jarima to‘lab, ozodlikda yurishardi. Endi nazoratchilar davlat xodimi hisoblanadi va ularning noqonuniy xatti-harakatlari JKning og‘irroq moddalari bilan jazolanishini haqida ogohlantirilayotganligi aytib o‘tildi.

Majburiy ijro byurosining anjumanda ishtirok etgan boshqa xodimlari ham gaz, elektr energiyasi uchun to‘lovlarning hisoblash va to‘lash tartibi, ortiqcha yozilgan qarzdorliklarni qanday qayta hisoblatish, yangi hisoblagichlar tizimi va to‘lovlarning undiruviga oid yangiliklar borasida jurnalistlarning aniqlashtiruvchi savollariga javob berishdi.

Shuningdek, shu kungacha sobiq sud ijrochilari uchun eng muammoli masala — alimentlar bo‘yicha qarzdorliklarni undirish haqida ham savollarga javob qaytarildi. Jumladan, aliment bo‘yicha sud qaroridan so‘ng ham farzandlari uchun to‘lovlarni paysalga solib yurgan ayrim sobiq erlarning aliment to‘lash uchun tayinli ish joyi, mulki bo‘lmasa Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, hattoki qamoq jazosiga duchor bo‘lishi ham tilga olib o‘tildi.

Farzandlarning ota-onani qarovsiz qoldirgani uchun aliment undirish masalasi ham muhokama etildi va ijro byurosi xodimlari ana shunday murojaatlardan so‘ng farzandlardan ota-onaga aliment undirib berish amaliyoti bilan ham to‘qnash kelganliklarini aytib o‘tishdi.

Anjumanda Samarqand shahar bosh imom xatibi Nuriddinxon Islomov ham ishtirok etdi va Islom dinida qarzdorlik masalasi qay tarzda yoritilgani, birovlarning haqini botil yo‘l bilan yeyish haromligi haqida chiqish qildi.

Anjuman so‘ngida MIB Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmati ham faoliyat ko‘rsata boshlagani, barcha jurnalistlar xizmat bilan bog‘langan holda o‘z savollariga javob olishi mumkinligi ta'kidlab o‘tildi.

Shuhrat Shokirjonov, 
Kun.uzning Samarqanddagi muxbiri.

 

Ko‘proq yangiliklar: