Salvador Dalining jasad qoldiqlari bugun eksgumatsiya qilinadi

Jahon 09:37 / 20.07.2017 4858

Mashhur rassom Salvador Dalining jasadi bugun, payshanba kuni eksgumatsiya (murdani sud-meditsina ekspertizasi uchun kavlab olish) qilinadi. Ispaniya sudi rassomning jasad qoldiqlarini otalikka test o‘tkazish uchun kavlab olish haqida qaror chiqargan. Dalining qizi sifatida hisoblanish, shuningdek, uning merosiga folbin ayol Pilar Abel da'vogarlik qilmoqda. Uning iddao etishicha, onasi Antonia Martinez de Aro rassom bilan 1955 yilda birga bo‘lgan.

Pilar Abel Martines 1956 yilning 1 fevral kuni Kataloniyadagi Figeras shahrida tug‘ilgan. Uning onasida rassom bilan go‘yoki Port-Ligat shahrida maxfiy ishqiy aloqa bo‘lgan. 1955 yilda onasi Kastelon-de-Ampuriasga ko‘chib ketib, bu yerda turmushga chiqqan va oradan ko‘p o‘tmay qiz farzandni dunyoga keltirgan. Pilarning so‘zlariga ko‘ra, u Dalining nikohsiz tug‘ilgan farzandi ekanini ilk bora o‘gay otasining onasi - buvisidan eshitgan. 

59 yoshli ayol 2015 yilning martida sudga ariza yuborgan. 2017 yilning iyunida sud ushbu folbin ayolning da'vosi qanoatlantirdi. Agarda ekspertiza buyuk rassom uning otasi ekanini isbotlasa, Pilarning uning familiyasi va mualliflik huquqlariga da'vogarlik qila oladi. 

Dali 1989 yilda vafot etgan. Rassom dafn etilgan Figeras shahri rahbariyati eksgumatsiyani ortga surishga harakat qildi, biroq buning uddasidan chiqa olmadi.

Rassom dafn etilgan Figares shahridagi muzeyda jasad qoldiqlarini kavlab olish ishlari Toshkent vaqti bilan soat 23:00da boshlanadi hamda juma kuni ertalabki vaqtlarga qadar yakunlanishi lozim. 

DNK tahlili natijasida qachon ma'lum bo‘lishi noma'lum. Agarda folbin ayol va Dalining DNKlari bir-biriga mos tushsa, ayol 300 million yevrolik mablag‘lar egasiga aylanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: