Namanganda Respublika idoralari rahbarlari xalq bilan muloqotda bo‘ldi

Jamiyat 00:11 / 20.07.2017 12413

Namangan viloyatida Respublika idoralari rahbarlari va mas'ul xodimlar xalq bilan muloqot o‘tkazmoqda. Ularning dasturi «Adolatli jamiyat qurish hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida korrupsiyaga qarshi kurash muammolari»ga qaratilgan. Bu haqda Kun.uz’ga Namangan shahar hokimligining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Xalq bilan uchrashuvlarda Bosh prokuror I.Abdullayev, boshqarma boshliqlari – Sh.Mustafoyev, M.Boboyevlar Chust va Norin tumanlarida bo‘lishdi. Oliy sud raisi K.Komilov, sudyalar – X.Egamberdiyev, M.Ergashevlar esa Pop tumanining uchta hududida aholini qabul qildi. Chodakdagi konmetallurgiya kolleji, G‘urumsaroy qishloq xo‘jaligi kolleji, Nayman aholi dam olish markazi aholi bilan gavjum bo‘ldi. Ichki ishlar vaziri A.Azizovning sohaviy tizim rahbarlari Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lishdi.

Adliya vaziri M.Ikramov, shuningdek, vazirlik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari N.Muhammadiyev, A.Madaminov, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevlar esa Uychi hamda Uchqo‘rg‘on tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazishdi.

Namangan shahri hamda Namangan tumani tadbirkorlarining vakillari viloyat bojxona boshqarmasi binosiga yig‘ilishdi. Bu yerda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriy, qo‘mita boshqarma boshlig‘i B.Sharipov, shuningdek, viloyat boshqarmasi boshlig‘i O.Hojimatov, boshqarma bo‘lim boshliqlari hamda mutaxassislari ko‘plab savollarga javob qaytarishdi. Bu kabi uchrashuvlar Pop va Chust tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Respublika Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, qo‘mitaning boshqarma boshliqlari M.Mahkamov, T.Toshtemirov, shuningdek, viloyat boshqarmasining tegishli mutaxassislari fuqarolarni qiynab kelayotgan murojaatlarni eshitib, ular tomonidan yo‘llangan savollarga to‘laqonli javob qaytarishdi. Namangan shahri, Uchqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on, Pop va Chust tumanlaridagi uchrashuvlar taassurotlarga boy bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: