Mo‘sul qamali vaqtida tinch aholi vakillaridan o‘n minglab kishi halok bo‘lgan

Jahon 15:40 / 20.07.2017 7388

Iroqning Mo‘sul shahrini IShID jangarilaridan ozod etish uchun olib borilgan janglar vaqtida tinch aholi vakillaridan 40 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Bu haqda kurd razvedkasiga asoslangan holda Independent nashri xabar tarqatgan.

Qayd etilishicha, shahar aholisi jangarilar, iroqlik harbiylar, shuningdek, koalitsiya aviazarbalari qurbonlariga aylangan. Kurd siyosatchisi hamda Iroqning sobiq TIV rahbari Xoshiyar Zebariyning aytishicha, «hali ham xarobalar ostida ko‘plab jasadlar qolmoqda».

Mo‘sulni IShIDdan ozod etish kampaniyasi o‘tgan yilning oktabrida boshlangan, unda Iroq armiyasining maxsus bo‘linmalari, federal politsiya, armiyaning tezkor harakatlar uchun mo‘ljallangan qismlari ishtirok etgan, armiya kuchlarini shialar va kurdlarning harbiy bo‘linmalari, shuningdek, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya aviatsiyasi qo‘llab-quvvatlagan.

Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy o‘tgan haftada Mo‘sul IShIDdan to‘la ozod etilganini e'lon qildi. 3 yildan ortiq vaqt davomida shaharni nazorat qilgan jangarilar bu shaharni tashlab ketishdi. Shaharni ozod etish amaliyotlarida koalitsiya kuchlariga rahbarlik qilgan amerikalik general Stiven Taunsend shaharni jangarilardan to‘la tozalash uchun yana bir necha hafta ketishini bildirgan.

BMT shaharda qolgan aholi ta'minoti uchun 450 million dollar, shaharni tiklash uchun milliard dollar sarflanishini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: