Mirobod tumanida 5 nafar zo‘ravon ushlandi

Jamiyat 18:40 / 20.07.2017 7777

Botir Ochilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2016 yil 3 iyul kuni taxminan soat 14:30da “do‘stlar”i Furqat Ibrohimov, Davron Tohirov, D.Zaripov hamda Dilshod Kamolov bilan o‘zaro kelishib, avtomashina o‘g‘irlashni maqsad qiladi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Shundan keyin Mirobod tumani A.Fitrat ko‘chasidagi uylarning birida yashovchi Muzaffar Alimovga hujum qilib, unga og‘ir tan jarohati yetkazishadi. So‘ng uni o‘zi boshqargan, ammo Avazbek Sunnatullayev nomiga rasmiylashtirilgan "Lasetti" rusumli avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tkazib, o‘zi bilan birga olib qochishadi.

“Zo‘ravon”lar mashinani Yashnobod tumanida joylashgan “Mirzo ota” qabristoni oldiga olib borishadi. U yerda Muzaffarning fuqarolik pasporti nusxasiga Botir tomonidan o‘tkazilgan tazyiqlar ostida D.Zaripovdan 2016 yil 3 iyul kuni 5 ming AQSh dollari olganligini, garov sifatida esa “Lasetti” rusumli avtomashinasini berayotganligini, pulni 2016 yil 5 iyul kuni qaytarib berishi to‘g‘risida majburan tilxat yozdirib olishadi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, shu kuni “Lasetti” rusumli avtomashina Yashnobod tumanida joylashgan “Yangiobod” masjidi oldidan topiladi.

Sud tibbiy ekspertizasining 2016 yil 26 iyuldagi xulosasiga ko‘ra, M.Alimov o‘rtacha og‘ir tan jarohati olgan ekan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining hukmi bilan B.Ochilov, F.Ibrohimov, D.Tohirov, D.Zaripov hamda D.Kamolov tegishli javobgarlikka tortildi.

Ko‘proq yangiliklar: