Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak? 2-maqola

Jamiyat 10:05 / 20.07.2017 18092

Taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning «Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak?» sarlavhali maqolasining davomi «Novosti Uzbekistana» nashrida e'lon qilindi. Quyida ushbu maqolaning to‘liq matni o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.
 
«Yomon» jurnalistni kim himoya qiladi? 
Ayrim to‘ralar uchun maddoh, o‘ngu so‘liga qaramasdan faqat maqtaydiganlar «yaxshi» jurnalist, haqiqatni ro‘yobga chiqarish uchun kamchilikni yozadiganlar esa «yomon» jurnalist sanaladi. Ammo aslida buzg‘unchi kim degan savolga bemalol o‘sha «yaxshi» jurnalistlar deb javob qaytarish lozim. Chunki ularning maddohligi oqibatida kamchiliklar tugatilmaydi, ular xaspo‘shlanadi va g‘ovlab ketadi. Natijada hamma soha rasvo bo‘ladi hamda bunday «yaxshilik»ning jamiyat va davlatga katta zarari tegadi. Sharl Monteskening so‘zlarini eslaylik: «Har bir fuqaro vatani uchun jon fido qilishga tayyor bo‘lmog‘i lozim. Ammo uni deb yolg‘on gapirmasligi kerak». Tomas Jyefferson esa boshqacha fikrda bo‘lmoqlikni vatando‘stlikning eng yuqori ko‘rinishi deb atagan edi. 

Faqat erkin matbuotgina o‘z vazifasini to‘laqonli bajarishiga, hukumat va jamiyat o‘rtasida vositachi bo‘la olishga, aholi xabardorligini oshirishga va jamoat nazoratini amalga oshirishga qodir. 

Mamlakatda erkin so‘z va erkin ommaviy axborot vositalari hukmron bo‘lishi bir qator omillarga bog‘liq. Ulardan birinchisi qonun ustuvorligidir. Qabul qilingan qonunlar ishlashi kerak. Har qanday sohada, jumladan, jurnalistik faoliyat bilan bog‘liq talablar buzilgan taqdirda, qonun amal qilmog‘i lozim. Ushbu omil bilan uzviy aloqada bo‘lgan ikkinchi muhim omil sud tizimining mustaqilligidir. OAV xodimlariga qilingan tahdid, u qayerdan va kim tomonidan bo‘lganligiga qaramasdan, sud tomonidan qonuniy ko‘rib chiqilishi shart. Hech kimning «telefon huquqi»dan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. 

Erkin va to‘la, amalda mustaqil OAV bo‘lishning yana bir sharti kuchli fuqarolik jamiyati mavjudligidadir. Chunki jurnalist jamiyatdagi vaziyatni yaxshilash uchun harakat qilsa-yu, bu yo‘lda katta bir amaldor yoki kuchli ta'sir doirasiga ega bo‘lgan tashkilot unga qarshi chiqsa, jamoatchilik chetda tomoshabin bo‘lib turishi mumkin emas. Jurnalistning haqqoniy so‘zi deb, unga tazyiq o‘tkaza boshlanganda, fuqarolik jamiyati uning himoyasiga otlansa, o‘z manfaati yo‘lida harakat qilayotganlarning chekinishiga to‘g‘ri keladi. Erkinlikni bo‘g‘moqchi bo‘lganlar bundan keyin o‘z qadamini o‘ylab bosadigan bo‘ladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan omillar amal qiladigan jamiyatlarda jurnalist qo‘rqmasdan nuqsonu kamchiliklarni ochib tashlaydi, mamlakat rivojiga to‘siq bo‘lgan holatlarni birma-bir qalamga oladi, ularga jamoatchilik e'tiborini qaratadi va umumiy ahvolning yaxshilanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Buning aksi bo‘lgan taqdirda jurnalistik tekshiruv olib borgan OAV xodimiga tahdid bilan cheklanmasdan, uning joniga qasd qilish holatlari ko‘plab uchraydi. Shu sababli jurnalist kasbi dunyodagi eng xavfli kasblar sirasiga kiradi. 

Shu kecha-kunduz ushbu satrlar muallifiga bo‘lgan murojaatlar misolida o‘zimizda yuzaga kelgan ahvolga bir nazar tashlasak. Deyarli har kuni turli masalalarda kaminaga murojaatlar bo‘lib turadi. Masalan, hozir qo‘limda So‘g‘diyona mavzesidagi ko‘p qavatli turar joylar o‘rtasidagi bolalar maydonachasi o‘rnida yangi turar joy binosi qurilayotgani, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hududda qurilish qilmoqchi bo‘layotganlarning noqonuniy xatti-harakati, Xalq qabulxonasi ishidagi kamchiliklar haqida shikoyat arizalari mavjud. Ular yuzasidan ish olib boryapman. Ammo hamma bilganlarimni ham ochiq yoza olmayman. Chunki bu va shu kabi boshqa ishlarning ortida shunday kimsalar turibdiki, jurnalistning bir o‘zi muammoni qonun doirasida hal qilishi va bu kurashdan eson-omon chiqishi mushkul. Axir, qonunni bila turib buzganlar anoyilardan emas-da! 

Keyingi oylarda notariuslar, FHDYo, Xalq qabulxonalari ishi haqida matbuotda, internet nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda qator tanqidiy fikrlar bildirildi. Adliya vazirligi masalani xolisona ko‘rib chiqish o‘rniga jurnalistlarni noto‘g‘ri axborot tarqatishda ayblagan holatlar ham bo‘ldi. Biz mamlakatimizda, jamiyatimizda yangilanish, o‘zgarish bo‘lishini xohlasak, tanqidni to‘g‘ri qabul qilishni o‘rganishimiz kerak emasmi? 

Odam qanchalik kuchli va yuqori ma'naviyatli bo‘lsa, u o‘zining kamchiliklariga shuncha e'tiborli bo‘ladi. Faqat beburd, uzoqni ko‘ra olmaydigan saviyasi past kimsagina o‘zini bekamu-ko‘st deb hisoblaydi. O‘ziga mahliyo bo‘lgan bunday kishilar yuqoriroq mansabda o‘tirganlarni maqtashdan o‘zini tiymaydi, pastroqdagilardan esa madh etilishini kutadi. «Buyuk kishilar hech qachon maddohlik qilmaydilar. Xushomad – mayda odamlarning ishi, ular o‘zlari havas qilgan atoqli shaxslarning hayotiy muhitiga kirib olish uchun yana ham maydalashishga tayyor kimsalardir», degan edi Onore de Balzak. 

Biz avvalo o‘zimizning ichimizda, jurnalistlar hamjamiyatida tartib o‘rnatishimiz, o‘rtadagi yolg‘on, soxtakorlik, maddohlikni tugatishimiz lozim. 26 iyunda TV orqali namoyish etilgan «Munosabat» ko‘rsatuvida yangragan yolg‘on xususida ancha gapirildi va yana gapiriladi. O‘ta uyatli holning guvohi bo‘ldik. «Xalq so‘zi» va «Jamiyat» gazetalarining kattalari ko‘zlarini lo‘q qilib, «bizda majburiy obuna yo‘q, qani kim kimni majbur qilibdi, ayting», deya asabiylashganliklarini ko‘rib, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qoldim. Shu ham gapmi?! Axir, viloyatlarda bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilaridan boshlab pensionerlargacha, barcha tashkilotu muassasa xodimlari majburan obunaga tortilayotganligini yashirish mumkin emasku! Nega o‘sha mutasaddilar yolg‘on orqali o‘zini oqlashga intildi?

Majburiy obuna haqida gapirish bilan cheklanmasdan, uning qanday o‘tkazilayotganligi va obuna bo‘lganlarga gazetayu jurnallar kvitansiya bo‘yicha yetkazib berilmayotganligi ustidan jurnalist tekshiruvi olib borish dolzarb muammo bo‘lib turibdi. Bir yil-ikki yil ishlab, majburiy obuna frontida «jonbozlik» ko‘rsatgan firmalar faoliyatini tekshirish ko‘p narsaga oydinlik kiritishi turgan gap. Eng avvalo, yig‘ilgan pullarning qanchasi xazinaga topshirilayotganligi, obunachilar soni haqida hokimliklarga berilayotgan ma'lumot qanchalik to‘g‘riligi aniq bo‘lardi. 

Qurilish sohasida, tenderu kimoshdi savdolari o‘tkazilishi jarayonida, byujyetdan ajratilgan mablag‘lar hisobida turli mahsulotlar xarid qilishda shaffoflikni ta'minlash, shubhali hollarda jurnalist tekshiruvini olib borish korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omillaridan hisoblanadi. 

Professional tashkilot kimni himoya qiladi yoxud tanlovsiz «tanlovlar»
To‘g‘riso‘z jurnalistni himoya qilishda demokratik davlatlarda professional uyushmalar katta jonbozlik ko‘rsatadi. Aslida ham bunday jamoat tashkilotlari korporativ manfaatni himoya qilish maqsadida tuziladi. Ular o‘z vazifalarini jurnalistika va jurnalistning muammosini hal etishda deb tushunishadi. Kasb etikasi talablarini buzgan jurnalistga tanbeh berish, uni nohaq hujumlardan asrash ham uyushma vazifasi sanaladi.

Bizda-chi? Jurnalistlar ijodiy uyushmasini jamoat tashkiloti sifatida qabul qilish mumkinmi? Kerak bo‘lgan paytda uyushma jurnalistni himoya qiladimi yoki davlat amaldori aytganini bajaradimi? «Oltin qalam» va turli tanlovlarning natijalari har yili jamoatchilik orasida qancha gap-so‘z bo‘lishiga qaramasdan, bu yilgi tanlovlar ham qaysi mezonlar asosida o‘tkazilganligini hech kim bilmaydi. 

Toshkentda ishlayotgan kasbdoshlarim bu yil talab o‘zgacha bo‘lishini, «Oltin qalam»ga maqolalarimni jo‘natishni taklif qilishdi. 10ta tanqidiy-tahliliy maqolalarimni tanlab, Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga shaxsan topshirdim. Ishonchim komilki, tanlov o‘tkazayotganlar maqolalarimni ochib ham ko‘rmagan. O‘sha tanishlarimdan birining aytishicha, u bechoralar ham nima qilsin: «tepa»ning topshirig‘ini bajargan. Tom ma'nodagi tanlov bo‘lganligini ham hech kim bilmaydi. Qani shaffoflik? 

Tanlov shartida shunday so‘zlar bor edi: «milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish maqsadida «Oltin qalam» XII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o‘tkazadi».

Boz ustiga tanlov 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan edi. Endi xolislik bilan mushohada qilib ko‘raylik: tanlovda g‘olib deb topilgan qaysi muallifni erkin matbuot g‘oyalariga sodiq deb aytish mumkin? Kimda tanqidiy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlar shakllanganligini ko‘rdik? 

Demokratik mamlakatlarda e'tiborli tanlovlar jamoat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladi. Davlat amaldorlari, ular devondami yo boshqa joyda ishlashidan qat'iy nazar, tanlov natijasiga ta'sir qila olmaydi. Ya'ni davlatning o‘zi tanlov o‘tkazib, o‘ziga qarashli nashru agentliklarni taqdirlamaydi. Taqdirlanganlar esa kasbdoshlari va jamoatchilik oldida obro‘yini yo‘qotadi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev

Maddoh jurnalistu lattachaynar amaldor kimga ham kerak? 

Ko‘proq yangiliklar: