Lufthansa samolyoti jazirama ob-havo tufayli Turkiyada favqulodda qo‘ndi

Jahon 13:36 / 20.07.2017 5181

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasining Iroqdagi Erbil shahriga yo‘l olayotgan samolyoti Anqara aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu Iroqda haddan tashqari jazirama ob-havo hukm surayotgani sabab ro‘y bergan, deb xabar bermoqda Hessenschau portali.

Hodisa seshanba, 18 iyul kuni yuz bergan. Bortida 118 yo‘lovchi bo‘lgan Airbus A320 layneri Iroqqa Frankfurt Mayndan parvoz qilgan. Erbilda havo harorati samolyot qo‘nishi kerak bo‘lgan paytda 45 darajani tashkil etishi ma'lum bo‘lgach, uchuvchilar parvozni vaqtinchalik to‘xtatishga qaror qilishdi.

Layner Turkiya poytaxtidagi aeroportga qo‘ndi, u yerda unga qo‘shimcha yoqilg‘i quyilgan. Shundan so‘ng samolyot Frankfurtga uchib ketdi. Nemis aviakompaniyasi yo‘lovchilari Erbilga ertasi kuni yetkazildi.

Lufthansa xavfsizlik normalariga ko‘ra, laynerning parvozi uchun belgilangan havo harorati 44 darajadan oshmasligi kerak. Haddan tashqari issiqda samolyotning parvoz qilish kuchi kamayadi, bu transport vositasi va uning yo‘lovchilariga tahdid uyg‘otadi.

Ko‘proq yangiliklar: