«Chelsi» Morataning transferini tasdiqladi. Barcha tafsilotlar ma'lum

Sport 10:57 / 20.07.2017 11566

Alvaro Morata faoliyatini premer-ligada davom ettiradi.

«Chelsi» matbuot xizmati, klub ushbu transfer borasida «Real» bilan kelishuvga erishganini e'lon qilgan. 

Bugun «qaymoqranglilar» jamoasi hujumchisi Londonga kelib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va 5 yillik shartnoma imzolaydi.

Bundan avvalgi xabarlarda ushbu futbolchi uchun Angliyaning amaldagi chempionlari 80 mln yevro to‘lashi aytilgandi. Ispaniyalik futbolchi yangi klubida yiliga 9 million yevro miqdorida maosh oladi.

Qayd etish kerakki, 24 yoshli bu futbolchi tarixdagi eng qimmatbaho ispaniyalik futbolchiga aylanadi. Bungacha bu maqom Fernando Torresga tegishli edi, u 2011 yili «Chelsi»ga «Liverpul»dan 58 million yevro evaziga kelib qo‘shilgandi.

Morata Madrid klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoada Joze Mourino davrida debyut qilgan, keyinroq «Yuventus»ga sotilgandi. O‘tgan yili jamoa uni qaytarib sotib oldi.

O‘tgan mavsumda Morata Ispaniya chempionatida 26 uchrashuvda maydonga tushib, 15 gol urdi. U shuningdek, Chempionlar ligasida 9 uchrashuv o‘tkazgan va 3 gol urgan.

Bu futbolchi avvaliga «Manchester Yunayted»ga o‘tishi kutilgandi, ammo inglizlar klubi Romelu Lukakuni tanladi. Ko‘p o‘tmasdan Morataga «Milan» asosiy da'vogarga aylandi, ammo kutilmaganda «Chelsi» uni «ilib ketdi».

Ko‘proq yangiliklar: