YUNISEF tibbiy patronaj xizmati tizimini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqdi 

O‘zbekiston 18:12 / 19.07.2017 9054

YUNISEF Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 6 iyuldagi nutqidagi sog‘liqni saqlash xizmatlarini yanada yaxshilash borasidagi fikr-mulohazalarini hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga tibiy patronaj xizmati tizimi to‘g‘risida Nizom ishlab chiqishni topshirganini qutlaydi, deb xabar berdi Kun.uz’ga YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi.

YUNISEF 2016 yilda mavjud tibbiy patronaj xizmati tizimining asosiy kuchli va zaif tomonlarini aniqlab, uni yanada yaxshilash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni ishlab chiqdi: 

•  Ona va bolaga yo‘naltirilgan asosiy xizmatlarni samarali ravishda taqdim etish uchun ijtimoiy jihatdan zaif bo‘lgan bolalar va oilalarni o‘z vaqtida aniqlash;
•  Dalil va eng yaxshi xalqaro amaliyotlarga asoslanib, xizmatlarni standartlashtirish; 
•  Mehnat resurslarini sog‘liqni saqlash xizmatlaridan boshqa tadbirlarga jalb etmaslik.

“YUNISEF Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan qo‘shma dasturini amalga oshirishga, xususan, tibbiy patronaj xizmat tizimini yanada kuchaytirish yo‘lidagi hamkorlikni davom ettirishga shay ekanligini yana bir bor ta'kidlaydi. Ishonchimiz komilki, bu tizimda amal qilayotgan umumiy yondashuvning o‘rniga universal-maqsadli yondashuvni qo‘llash lozim. Ushbu sohadagi samarali xizmatlar O‘zbekistondagi ayollar va bolalar farovonligini oshirishga o‘z hissasini qo‘shadi”, - deydi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. 

Patronaj xizmatini ko‘rsatishdagi yangi yondashuv ijtimoiy jihatdan eng zaif bo‘lgan bolalar va ayollarga yanada yaxshi xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish bilan chegaralanib qolmasdan, ayni vaqtda, butun sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. 

YUNISEF patronaj xizmat tizimini takomillashtirish ishida Hukumatga ko‘maklashishga tayyor ekanligini ma'lum qildi hamda Nizomni ishlab chiqishda xalqaro standartlar va eng ilg‘or tajribalarni qo‘llash asosida  o‘z ko‘magini taklif qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: