Samarqandda MIB ishga kirishdi: Tartib qat'iy bo‘ladi

Jamiyat 17:57 / 19.07.2017 38436

So‘nggi yillarda energiya resurlaridan debitor qarzdorlikni kamaytirish, ulardan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish borasida talabga javob bera oluvchi ishlar olib borilmagan: elektr energiyasi va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki talon-torojlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar oshib borgan.

Ana shu kamchilik va xatolarni hisobga olgan holda prezidentning 29 maydagi farmoniga asosan Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosiga energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirish, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-torojlikning oldini olish, sud va boshqa hujjatlarning ijrosini so‘zsiz ta'minlash kabi muhim vazifalar yuklatildi. Bu haqda Kun.uz'ga Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi ma'lum qilmoqda. 

To‘lov tizimini yaxshilash orqali elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, barcha hududlarda yangi ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish obektlarini ishga tushurish, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirish eng muhim vazifalar hisoblanadi.

Shu o‘rin eslatib o‘tish lozim, bundan keyin energiya resuslari uchun to‘lovlar uchun bu korxonalar xodimlari xonadonma-xonadon yurmaydi. Agar boradigan bo‘lsa ham, pul to‘lash mumkin emas. Faqat byuro xodimlari boradi. Byuro xodimlari joylardagi hisoblagichlar nazoratini ham amalga oshiradi va to‘lov joyida amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslarning gaz to‘lovlari o‘zaro dalolatnomalarga asosan amalga oshiriladi.

«Kun.uz» tahririyatiga berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan ham ishlar to‘liq olib borilmoqda. Tajribali mutaxassislar jalb etilib, ishga qabul qilinganlar oldiga qo‘yilgan vazifa va topshiriqlarni talab darajasida bajarishga kirishdi.

Bugungi kunda viloyatda elektr energiyasidan debitor qarzdorlik 328,4 mlrd. so‘mni, tabiiy gazdan 299,9 mlrd. so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan debitor qarzdorlik elektr energiyasidan 43,4 mlrd. so‘mga va tabiiy gazdan 8,9 mlrd so‘mga oshgan. Ushbu qarzdorlikni kamaytirish esa Majburiy ijro byurosi xodimlariga mas'uliyat yuklaydi.

Elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlarga 9,7 mlrd. so‘mlik 20.638 ta va tabiiy gaz bo‘yicha 3,7 mlrd. so‘mlik 11.232 ta qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha talabnomalar yuborilgan.

Shuningdek, viloyat bo‘yicha energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 168 ta huquqbuzarlik fosh etildi.

Jumladan, Samarqand shahri «Bog‘ibaland» mahallasida yashovchi M.Fattayevga tegishli rom va eshiklar yasash sexi ko‘zdan kechirilganda elektr hisoblagichsiz tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 21 mln. 783 ming so‘mlik elektr energiya resurslaridan noqonuniy ravishda foydalanganligi aniqlandi va  tarmoqdan uzib qo‘yildi.

Shu kabi, Oqdaryo tuman «Yangiravot» MFYda yashovchi X.Karimov elektr tarmog‘idan o‘zboshimchalik bilan foydalanib kelganligi natijasida tuman elektr tarmog‘iga 3,5 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazganligi aniqlandi.

Samarqand shahri Orzu Mahmudov ko‘chasi 18-xonadonda yashovchi fuqaro Rahmonqul Mirsaidovga tegishli qurilish ishlari olib borilayotgan binoda o‘tkazilgan tekshiruvda 1,2 kVt.lik uskuna elektr hisoblagichsiz, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. U ham elektr tarmoqdan uzib quyildi. Mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan va fuqaro R.Mirsaidov noqonuniy xatti-harakati tufayli yetkazilgan zarar 3 mln. 960 ming so‘mni tashkil etdi. Unga yetkazilgan zararni to‘lashi to‘g‘risida ogohlantirish xati berildi.

Samarqand shahar Jambul ko‘chasi 11-uyda yashovchi Normurod Faxriddinov o‘ziga tegishli «Sherzod obod nur» shirkatida elektr hisoblagichsiz, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, elektr energiya resurslaridan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Tarmoqdan uzib qo‘yilib, ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqarodan yetkazilgan 4 mln. 455 ming so‘mlik zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Samarqand shahar Spitamen shohko‘chasi 85-xonadonda yashovchi A.Rahmonqulovga tegishli «Grand Plan» xususiy korxonasining gaz o‘lchash hisoblagichining davriy qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish muddati 79 kun o‘tib ketgan. Ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan. A.Rahmonqulovning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi yuzasidan yetkazilgan zarar 3 mln. 554 ming so‘mni tashkil qiladi va yetkazilgan zararni undirilmoqda.

Shuningdek, sud qarorlari ijrosini ta'minlash yuzasidan ham MIB tomonidan tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining 2010 yil 12 dekabrdagi qarori bilan qarzdor Eshqobil Qosimovdan Gulshan Qosimova foydasiga ikki nafar farzandlarining moddiy ta'minoti uchun har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Qarzdorning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.

Qarzdor ish haqi va boshqa daromadlari to‘g‘risida biror-bir hujjat taqdim etmaganligi sababli, aliment qarzdorligi amalda joriy etilgan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan hisoblangan. Natijada, E.Qosimovning o‘tgan davrdagi aliment qarzdorligi 23 mln. 703 ming so‘mni tashkil etgan.

Uning aliment qarzini uning mol-mulki hisobidan undirish maqsadida yashash manzili bir necha marotaba ko‘zdan kechirilganida, undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mulklar yo‘qligi, qarzdorning o‘zi esa bu manzilda yashamayotganligi aniqlanib, bu haqda tegishlicha dalolatnomalar tuzilgan.

Amalga oshirilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning yaqin qarindoshlari tomonidan aliment pullarining bir qismi undirilib, egasiga yetkazildi.

Xuddi shu kabi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining 2002 yil 23 sentabrdagi qarzdor Mamaraim Mo‘minovdan Marhabo Suvonova foydasiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandi uchun aliment undirish to‘g‘risidagi qarori ijrosi ta'minlandi. Qarzdorning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.

Qarzdorning shu paytgacha aliment qarzdorligi 36 mln. 872 ming so‘mni tashkil qilgan. Amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdordan ushbu mablag‘ning 10 mln. so‘mi undirib berilgan.

Maqsadimiz, u yoki bu insonni yomonlash, yuziga qora chaplash emas. Ogohlantirish va to‘lov madaniyatiga amal qilishni eslatib qo‘yish, xolos. Chunki, iste'mol qilingan tabiiy gaz va elektr energiyasi hamda sud qarori ijrosi uchun o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmaslik jarimaga sabab bo‘lishini yodda tutmog‘imiz bunga har birimiz amal qilmog‘imiz shart.

Ko‘proq yangiliklar: