«PSJ» «Barselona»dan qasos olmoqda»

Sport 18:17 / 19.07.2017 17164

«Barselona»ning sobiq prezidentlaridan biri Joan Gasparning hisoblashicha, «PSJ» kataloniyaliklardan Marko Verratti bilan bog‘liq mashmashalar uchun qasos olmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shuning uchun Neymarning transferi bo‘yicha mish-mishlarni tarqatishgan.

«Neymar «Barselona»dan ketmaydi. Menimcha, «PSJ» rahbariyati «Barselona» ularning futbolchisini o‘ziga og‘dirib olmoqchi bo‘lgani uchun xafa bo‘lgan. Neymarning transferi bo‘yicha tarqalgan xabarlar to‘lqini esa - ularning qasos olishga urinishidir. Ularning o‘zi bu gaplarni paydo qilishmoqda», deya Gasparning so‘zlarini keltirgan Rac1.

O‘tgan kunlardan Neymar Lionel Messi soyasida qolib ketayotgani tufayli kataloniyaliklar klubidan ketishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Keyinroq «PSJ» «Barselona»dan Neymarni 222 million yevroga transfer qilmoqchiligi haqida xabar paydo bo‘ldi.

«Barselona» sport ishlari direktori Roberto Fernandes bu xabarlarga munosabat bildirib, uni sotib olishga qodir jamoaning o‘zi yo‘qligi, Neymar ketmasligi 200 foizga aniqligini aytib o‘tgan.

Ayni vaqtda 25 yoshda bo‘lgan Neymarning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi muddati 2021 yilgacha.

Ko‘proq yangiliklar: