«Mersedes» 3 million mashinasini chaqirib oladi

Fan-texnika 00:27 / 19.07.2017 8153

Germaniyaning Daimler avtokonserni direktorlar kengashi Mercedes-Benz savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan dizel avtomobillari uchun chaqirib olish siyosati qamrovini kengaytirishga qaror qildi.

Kompaniyaning 18 iyul kuni e'lon qilingan axborotnomasida aytilishicha, kengaytirilgan servis xizmati 3 mln mashinaga tegishli bo‘ladi, deb xabar qilmoqda TASS. 

«Dizel dvigatellari borasidagi tortishuvlar mijozlarimiz orasida ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda. Shu bois biz dizel dvigatelli avtomobillarimizni xarid qilganlarni tinchlantirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga qaror qildik», - degan Daimler AG boshqaruvi raisi Diter Tsetshe.

Axborotnomaga ko‘ra, shu yilning mart oyida boshlangan servis xizmat ko‘rsatish kampaniyasi faqat bir namunadagi motorlar o‘rnatilgan ixcham avtomobillarga tegishli bo‘lgan. Unda umumiy mashinalarning 45 foizi ishtirok etgan. Endilikda, avtokonsern bu ro‘yxatga deyarli barcha dizel avtomobillarini kiritgan. Talab bo‘yicha ularning dvigatellari «Yevro-5» va «Yevro-6» ekologiya me'yorlariga javob berishi kerak. 

Dizel avtomobillari chiqaradigan gazlar miqdorida azot oksidi miqdorini kamaytirishga qaratilgan kampaniya Germaniya tartibga soluvchi idoralari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Daimler shu maqsadlarga 220 mln yevroga yaqin mablag‘ ajratadi. Dvigatellar bilan qanday o‘zgarishlar amalga oshirilishi xabar qilinmayapti. 

Xo‘sh, bunday keskin choralar ko‘rishga nima sabab bo‘lmoqda?
 
Germaniya huquqni muhofaza qiluvchi organlari joriy yil may oyi oxirida zararli moddalarning atmosferaga chiqishiga doir ma'lumotlar qalbakilashtirilganini gumon qilib, Daimler avtokonserniga tegishli bir necha idorada tintuvlar o‘tkazdi. Keyinroq, prokuratura Daimler ishiga bevosita aloqasi borlikda shubha bilan Bosch kompaniyasiga qarshi ish ochdi. 

12 iyulda Süddeutsche Zeitung gazetasi Daimler konserni 8 yil – 2008-2016 yillar mobaynida Yevropa va AQShda atmosferaga zararli gazlarni belgilangan me'yordan yuqori miqdorda chiqaruvchi avtomobillarni yetkazib bergani haqida jar soldi. Nashrga ko‘ra, qoidabuzarliklar 1 mln atrofidagi yengil avtomobillar va kichik furgonlarga tegishli bo‘lishi mumkin. Ularda OM642 va OM651 dizel dvigatellari o‘rnatilgan bo‘lib, Shtutgart prokuraturasi ta'kidlashicha, bu motorlarda haqiqiy ko‘rsatkichlarni pasaytirib ko‘rsatuvchi mexanizm qo‘llanilgan. 

Sud qarorida aytilishicha, Daimler shu bilan mas'ul idoralar, xususan, Federal avtomobil boshqarmasi talablarini buzgan. 

Ko‘proq yangiliklar: