Hasanboy Do‘smatov hamda Ruslan Nurudinov haqida kitoblar taqdimoti o‘tkazildi

Jamiyat 16:02 / 19.07.2017 9801

Bugun, 19 iyul kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda "Askar kutubxonasi" seriyasida "Zamonamiz qahramonlari" rukni ostida yozilgan yangi kitoblar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 

"Hasanboy Do‘smatov" va "Ruslan Nurudinov" deb nomlanuvchi bu kitoblarda sportchilarning hayoti, faoliyati, Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan  Olimpiada o‘yinlarida g‘alabaga erishish onlari batafsil yoritilgan. Shuningdek, kitobni varaqlar ekansiz, jahon chempionlarining oila a'zolari, yaqinlari, ustoz va murabbiylari, muxlislari tomonidan bildirilgan samimiy va iliq fikrlarga guvoh bo‘lasiz. 

Mazkur asarlar mualliflari - Iqbol Mirzo, Nodir Jonuzoq, Orif Tolib. Barcha qiziqarli ma'lumotlar va intervyular rang-barang suratlar bilan uyg‘unlashgani kitobxonni bir zumda o‘ziga jalb eta oladi. Zamonamizning chinakam qahramonlariga aylangan Hasanboy Do‘smatov hamda Ruslan Nurudinovning nafaqat erishgan yutuqlari, muvaffaqiyatlari, balki insoniy fazilatlari ham yosh avlodga o‘rnak bo‘ladi. 

Taklif

Kelgusida "Zamonamiz qahramonlari" rukni ostida nafaqat sportchilarimiz, balki yoshi kichik bo‘lishiga qaramay, chet el musobaqalarida turli yo‘nalishlar, jumladan, mental arifmetika bo‘yicha katta yutuqlarga erishib kelayotgan bolajonlarimiz haqida ham maxsus kitoblar chop etilsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi. Umuman olganda, maktab darsliklari orasiga "Zamonamiz qahramonlari" nomli yangi fan kiritilsa va unda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishga hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz hayoti, ijodi hikoya qilib borilsa, bu  o‘sib kelayotgan avlodning o‘z yo‘lini topishi, kelajakda qahramonlarga havas qilgan holda katta natijalarni qo‘lga kiritishiga turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: