Xitoy AQSh ittifoqchilariga Amerika dronlarining nusxasini sotmoqda

Jahon 16:55 / 18.07.2017 9129

AQSh ittifoqchilari, Qo‘shma Shtatlarning zamonaviy dronlarni sotishni istamayotganiga duch kelgach, ayni uchuvchisiz uchar qurilmalar (UUQ)ning arzon namunalarini Xitoydan xarid qilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z saytiga joylashtirgan lavhada xabar qilmoqda.

Gazetaning yozishicha, so‘nggi vaqtlarda AQShning Saudiya Arabistoni va Iordaniya kabi ittifoqchilari Xitoy ishlab chiqargan jangovar dronlardan tez-tez foydalanmoqda. Bundan tashqari, Xitoyda ishlab chiqilgan dronlar Misr, BAA harbiy bazalarining sun'iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarini o‘rganish chog‘ida ham aniqlangan, deb yozadi gazeta. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, bu kabi qurilmalar jang maydonida faol ravishda qo‘llanilmoqda. Masalan, Ar Riyod ulardan Yamandagi nishonlarga zarba berishda foydalanmoqda. Ta'kidlanishicha, gap Amerikaning Predator va Reaper deb nomlangan UUQining nusxalari haqida bormoqda.

Nashrning yozishicha, AQSh uzoq vaqtdan beri o‘zining ancha kuchli dronlarini xorijiy mamlakatlar, jumladan Yaqin Sharqdagi ittifoqchi mamlakatlarga ham sotishdan bosh tortib keladi. Vashington hamkorlari orasida birgina Buyuk Britaniya eng yangi Predator va Reaper UUQni xarid qilish huquqini qo‘lga kiritgan. 

The Wall Street Journal nashrining ta'kidlashicha, AQSh bu qurollar dushmanlar ixtiyoriga tushib qolishi hamda fuqarolar tartibsizliklarini bostirishda qo‘llanilishi yoki Isroilning Yaqin Sharqdagi harbiy ustunligiga raxna solishi mumkinligidan xavotirda. 

Xitoy esa bu kabi vaziyatni o‘z foydasiga ishlatmoqda. Pekin Amerika ittifoqchilariga ular xohlagan dronlarni birmuncha arzon narxlarda yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan. 

Bu holat, gazetaning uqdirishicha, Vashington uchun "strategik va tijoriy mag‘lubiyat" demakdir. Ittifoqchilarini XXRdan texnika olishga majbur qilayotgan Amerika savdo siyosati "AQSh manfaatlariga zarar keltirmoqda", "Qo‘shma Shtatlarning yaqin ittifoqchilari bilan aloqalariga putur yetkazmoqda" va "jangovar qurol-yarog‘lar bozorida raqobat qilishga urinayotgan Amerika kompaniyalarini daromaddan qoldirmoqda", - degan Yangi Amerika xavfsizligi Vashington markazi vakili (Center for a New American Security) Pol Sharre. 

Ko‘proq yangiliklar: