Seul ma'muriyati Pak Kin Xe jinoyatlarining yangi dalillarini topgani haqida bayonot berdi

Jahon 18:52 / 17.07.2017 5798

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In ma'muriyati avvalgi davlat rahbari Pak Kin Xe va uning yordamchilarining harakatlari qonunga zid bo‘lganini isbotlovchi yangi dalillarni topgani haqida bayonot berdi. 

Yonxap agentligining hukumat doiralaridagi manbasining so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar Pak Kin Xening aholi bilan aloqalar va siyosiy masalalar bo‘yicha kotiblarining idoralaridan topilgan. Umumiy hisobda 1,4 mingga yaqin hujjat aniqlangan. 

Ularning aksariyati Pak Kin Xe kotiblarining 2015 yil martidan 2016 yil noyabriga qadar har haftada o‘tkazilgan majlislariga bag‘ishlangan. Biroq hujjatlarning ayrimlarida sobiq prezident devoni rahbarining Samsung kompaniyasi va hukumat siyosatidan norozi bo‘lgan madaniyat va san'at arboblariga doir ko‘rsatmalari ham qayd etilgan.
 
Bundan tashqari, hujjatlarda devon rahbarining ayrim qaltis masalalar, jumladan 2014 yili halokatga uchragan "Sevol" paromi bilan bog‘liq voqealarni hal etishga OAVni jalb etish borasida bergan ko‘rsatmalari ham borligi aytiladi. 

Hujjatlarning barchasi maxsus komissiya va prokuraturaga taqdim etiladi. Ular sobiq prezident Pak Kin Xe, Samsung korporatsiyasining amaldagi rahbari Li Chje Yon va boshqa yuqori lavozimli mulozimlar ishida foydalanilishi mumkin. 

Janubiy Koreyada korrupsiya mojarosi 2016 yil oktabrida mahalliy matbuotda yirik korporatsiyalar, xususan Samsung kompaniyasi o‘sha vaqtdagi prezidentning dugonasi Tsoy Sun Sil tashkil etgan jamg‘armalarga pul o‘tkazishi vositasida hukumat qo‘llab-quvvatlashiga erishgani haqidagi xabarlardan so‘ng avj oldi. 

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha umumiy hisobda 30 kishi ayblanmoqda. Pak Kin Xe 10 mart kuni Konstitutsiyaviy sud tomonidan davlat boshqaruvidan chetlatilgan edi. Yangi prezident saylovi 9 may kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Mun Chje In g‘alaba qozondi.

Ko‘proq yangiliklar: