«Arsenal»ning sobiq futbolchi Sanches masalasida Vengerga qiziq maslahat berdi

Sport 16:45 / 17.07.2017 9552

«Arsenal» klubining sobiq futbolchisi Pol Merson Aleksis Sanchesning «Manchester Siti»ga ehtimoliy transferi haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Bundan avvalroq chililik ushbu futbolchi Chempionlar ligasida ishtirok etishni istayotgani tufayli «kanonirlar» safidan ketmoqchiligi, ammo Arsen Venger uning qolishiga ishonch bildirayotgani aytilgandi.

«Men «Arsenal» Sanchesga munosib o‘rinbosar topa oladi deb o‘ylamayman. Aleksis har mavsumda 30tadan gol urmoqda. Albatta klub hamisha futbolchilar fikri bilan hisoblashishi kerak. Agar u «Arsenal» uchun o‘ynashni istamayotgan bo‘lsa, uni sotib yuborish kerak.

Sanches – yuqori saviyali futbolchi, bunga shubha yo‘q. Unga «Manchester Siti»dan qiziqish borligini eshitdim. Menimcha Arsen Venger Sanches uchun ulardan Serxio Agueroni talab qilishi kerak. Shundagina ish natijasi plyus bo‘ladi. Boshqa holatda transfer muvaffaqiyatsiz hisoblanadi», – degan ekspert.

Merson shuningdek, «Arsenal» oldinda turgan mavsumda Angliya chempionatida munosib ishtirok etib, Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishiga umid bildirgan.

«Chempionlar ligasi haqida aytadigan bo‘lsam, Venger Sanchessiz ham kuchli to‘rtlikka kirishi mumkin. Ishonamanki, ular oldinda turgan mavsumda chempionlik uchun kurashishadi. Bu albatta oson kechmaydi. Ayniqsa, asosiy futbolchingni boy bersang. Ammo yana qaytaraman, jamoa bunga qodir», – degan Merson Goal uchun bergan intervyusida.

Ko‘proq yangiliklar: