O‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan yana bir shaxs ashyoviy dalil bilan ushlandi

Jamiyat 19:09 / 15.07.2017 17151

2017 yilning 14 iyul kuni taxminan soat 19:00larda Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Quyuv-mexanika zavodi muxandisi lavozimida ishlovchi Fayzi Abdurahimov fuqaro Maftuna Abdusalomovaning (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) ishonchiga kirib, o‘zini Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti xodimi sifatida tanishtirib, uning o‘g‘lini mazkur oliygohning mansabdor shaxslariga pora berish yo‘li bilan o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, buning uchun undan 8.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (firibgarlik, ya'ni ancha miqdorda, o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish) va 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berishga dalolatchilik qilish) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Oliygohga o‘qishga kirish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Shuningdek, buning uchun pora bergan shaxslar ham O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilishlari belgilangan.

Yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: