Bonuchchi «Milan»da? Yevropadagi yana bir transfer ertagi tafsilotlari

Sport 11:22 / 14.07.2017 7798

«Yuventus» himoyachisi Leonardo Bonuchchi yaqin orada «Milan» futbolchisiga aylanishi mumkin. Sky xabariga ko‘ra, «rossonerilar» futbolchining agenti Alessandro Luchchi bilan muzokara olib bormoqda.

«Milan» futbolchi uchun 30 mln yevro berishga tayyor, biroq turinliklar uni 45 mln yevrodan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas. Bu vaziyatda «Rossoneri» bitim doirasida himoyachi Mattia De Shiloni qo‘shib berib, «Yuve»ni ko‘ndirishga harakat qilmoqda.

«Milan» futbolchiga 7 million yevro maosh va'da qilgan. Turinliklarning futbolchi bilan amaldagi shartnomasi 2021 yilgacha mo‘ljallangan.

O‘z navbatida Alessandro Luchchi Calciomercato bu borada «Milan»dan aniq taklif kelib tushmaganini aytgan. 30 yoshli futbolchiga «Milan»dan tashqari «Chelsi», «Manchester Siti» va «Barselona»dan jiddiy qiziqishlar saqlanib turibdi.

«Ayni vaqtda bizda aniq ma'lumot yo‘q. Kutish kerak», degan agent.

Taniqli insayder Janluka di Martsio esa Bonuchchi bugunoq «Milan» futbolchisiga aylanishi haqida aytmoqda: «Leonardo Bonuchchining «Milan»ga o‘tishi hal bo‘lgan. Tomonlar transferning oxirgi jihatlarini, bonuslar masalasini hal qilishmoqda. Umuman olganda «rossonerilar» bu futbolchi uchun 40 million yevro sarflashadi. Marko Fassone jamoa bilan Xitoyga uchmadi. U transferni rasmiylashtirish uchun Milanda qoldi. Bonuchchi bugunoq Milanda bo‘ladi».

Bonuchchini «Yuventus»da nima qoniqtirmadi?

Buni ehtimol, hech qachon aniq bilib bo‘lmas. Ammo o‘tgan mavsum davomida mish-mishlar tarqalgandi - futbolchi murabbiy bilan ziddiyatda bo‘lgan.

Undan ham «jiddiyroq» tarix haqida aytishadi. Matbuotda YeChL finali vaqtida jiddiy janjal ro‘y bergan. Agar Italiyadagi nashrlarga ishonsak, bu mojaro ishtirokchilari Bonuchchi va Dibala bo‘lishgan. Manbalar bu ikki futbolchi muammoni mushtlari bilan hal qilishga urinishgani haqida aytishgan.

Vaqt o‘tib bu haqida unutishdi. Leonardo Bonuchchi jamoa bilan yangi mavsumga tayyorlana boshladi, jamoa rahbariyati ham bu hodisaga alohida e'tibor qaratmadi.

12 iyul kuni esa Mediaset manbasida transfer haqida ilk xabar chiqdi, bir kun o‘tib yanada ishonchliroq manba - Sky bu ma'lumotni tasdiqladi. Bu manbalarga ishonilsa, Andrea Bertolachchi «Milan»dan  «Jyenoa»ga o‘tadi, uning agenti Alessandro Luchi esa «rossoneri» rahbariyatiga boshqa mijozi Bonuchchini sotib olishni taklif etgan.

Bu ma'lumotni ko‘p o‘tmasdan Sportitalia tasdiqladi va agent so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Men Bonuchchi transferi ustida ishlamoqdaman». 13 iyul kuni davomida bu xabar barcha nashrlarga tarqaldi. Ko‘rinishidan futbolchi va murabbiy o‘rtasida nizo bo‘lgani haqiqat. Axir jiddiy sababsiz «Yuventus»dan ketishmaydi.

Nega «Milan»ga?

O‘tgan yozdayoq Angliyadagi bir qator boy klublar Bonuchchiga qiziqa boshlashgandi. Ayniqsa «Manchester Siti» va «Chelsi» faollik ko‘rsatishdi, bu jamoalarning murabbiylari Gvardiola va Konte Leonardoni o‘z jamoasida ko‘rishni hamon istashmoqda. Futbolchi Angliyaga transfer bo‘lishi mumkin edi, ammo bir omil bunga qarshilik qiladi.

Gap shundaki, Leonardoning kichik o‘g‘lida jiddiy xastalik aniqlangan va u faqat Italiyada davolanishi mumkin. Angliya yoki Ispaniyadagi shifokorlar ham kuchli bo‘lishi mumkin, ammo ota-ona farzandi sog‘ligi borasida tavakkal qilishni istashmadi va Italiyada qolishga qaror qilishdi.

Qolaversa, italiyalik muxlislar oldida «Italiyada qolish vazifasi» bajarildi.

Bonuchchi uchun Italiyada ko‘p jamoa talabgor emasdi: u Milanning «Inter» jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, ammo u faqat qizil-qora rangdagi milanliklar bilan muzokara o‘tkazdi. Leonardo Bonuchchi «Inter»dan mojaro tufayli ketgandi va buni unutmagan. Futbolchi va uning agenti Valter Sabatini bilan («Inter»ning sport direktori) uchrashishdan shunchaki bosh tortishgan.

Transfer amalga oshishi qanchalik haqiqat?

«Milan» yozgi transferlarning eng faol jamoasi. Yangi xo‘jayinlar qo‘liga o‘tgan jamoaning maqsadlari jiddiy, yozda bu jamoa 7 nafar jiddiy xaridni amalga oshirib bo‘lgan. Fassone va Mirabelli boshchiligidagi rahbariyat iyul oyida ham hammani hayron qoldirishda davom etmoqchi. Shu vaqtgacha kelganlar ham saviyali futbolchilar edi, ammo Bonuchchi – butkul boshqa darajadagi futbolchidir.

Leonardo – hozirda dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri. U 30 yoshdami? Himoyachi uchun (ayniqsa italyan) bu katta yosh hisoblanmaydi. Uning kelishi jamoaning mudofaasini shakllantirishi, Alessio Romanoli undan ko‘p narsani o‘rganishi mumkin. Qanotlarga Rodrigez va Konti sotib olingan, Montella bemalol 3-5-2 sxemasidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

13 iyul kuni Italiya matbuoti ushbu transferdagi muhim jihatlardan biri haqida yozdi, oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra barchasi muvaffaqiyatli yakunlanish arafasida. Mattia de Shilo ushbu transfer doirasida Turinga yo‘l olmoqda.

Ko‘rinishidan, ikki jamoa Bonuchchining transferini 40 million yevroga kelishgan (matbuot Leonardo milanliklar bilan 5 yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgani, bu yillar davomida unga yoki 6, yoki 7 million yevrodan maosh to‘lanishi haqida yozmoqda). Barchasi De Shiloning narxiga taqalmoqda. Milanliklar uni 15 million yevroga baholamoqda, «Yuventus» esa faqat 10 million yevro taklif qilmoqda. Savdo davom etmoqda, lekin barchasi amalga oshishga yaqin.

Ko‘proq yangiliklar: