Toshkentdagi Inha universiteti kirish imtihonlariga OMR Card System tizimini joriy etadi

Fan-texnika 20:03 / 13.07.2017 10615

Kirish imtihonlarini o‘tkazish jarayonini optimallashtirish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlariga OMR Card System (optik belgilarni tanish) tizimini joriy etadi. Ushbu tizimdan ilk bor 2017-2018 o‘quv yili kirish imtihonlarida foydalaniladi.

Koreya Respublikasidagi Inha universitetining ushbu tashabbusi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori (IUT) Sarvar Babaxodjayev va hamkor universitetning rahbariyati bilan bo‘lgan muzokaralarda muhokama etildi.

IUT rektori Sarvar Babaxodjayev iyul oyining boshida Inchxon shahriga tashrif buyurdi va Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Prezidenti Sunya Choy, Universitet vitse-prezidenti Inkyo Cheong va Universitet dekani Yong Mi Anlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar 2017-2018 yili kirish imtihonlarini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha fikr almashdilar.

Muzokaralar natijasida 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab IUT kirish imtihonlarida optik belgilarni tanish tizimini joriy etishga kelishib olindi. Ushbu tizim imtihon varaqalarini baholash jarayonini samaradorligini va shaffofligini oshirish maqsadida joriy etilmoqda. Janubiy Koreya universiteti maxsus kompyuter tizimi yordamida abituriyentlarning ishlarini baholaydi.

Shu bilan birga Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlarini o‘tkazishga javobgar bo‘lgan 13 nafar mutaxassisini yuboradi. Bu esa kirish imtixonlarining obektiv o‘tishini ta'minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlari 20 va 21 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.

Manba: inha.uz

Ko‘proq yangiliklar: