Hyperloop One yangi transport prototipini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi

Fan-texnika 10:18 / 13.07.2017 12710

Hyperloop One kompaniyasi yangi turdagi transport vositasi (kapsula)ni namoyish etib, uning muvaffaqiyatli sinovini o‘tkazdi. Bu haqda "Summa" guruhi axborot bayonnomasida so‘z yuritilgan. "Summa" guruhi xo‘jayini Ziyovuddin Muhammadov kompaniya direktorlar kengashi a'zosi hisoblanadi. 

Hyperloop One yangi universal kapsulaning yangi ilk namunasini namoyish qilgan. U vakuum quvur ichidagi aravachada harakatlanadi. Kapsula alyuminiy va polimer kompozit materiallardan yasalgan. Uning uzunligi — 28 fut (8,5 metr)dir.

Nevada shtati sahrosidagi DevLoop sinov maydonida bo‘lib o‘tgan test jarayonida maxsus aravachaga o‘rnatilgan kapsula 5,3 soniya vakuum quvur ichidagi yo‘lda faqat elektromagnit nurlanish vositasida harakatlangan. 

Nevada shtati sahrosidagi DevLoop sinov maydoni

Aravacha 2G tezlikka erishib, soatiga 112,6 kmgacha tezlashgan. Direktorlar kengashi raisi va Hyperloop One asoschilaridan biri Shervin Pishevarning so‘zlariga ko‘ra, bu Hyperloop texnologiyasining birinchi keng qamrovli sinovidir. Xabarda aytilishcha, sinovlarning ikkinchi bosqichida aravacha soatiga 402 km tezlikka erishishi kerak. Unda, kapsula o‘lchami ham haqiqiysiga tenglashtiriladi. 

Ma'lumki, Hyperloop g‘oyasini 2012 yilda muhandis, tadbirkor, sarmoyador Ilon Mask ilgari surgan edi. Hyperloop One kompaniyasidan tashqari Hyperloop Transportation Technologies ham shu sohada izlanishlar olib bormoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: